AQSh bo'ylab reydlarda yuzlab noqonuniy muhojirlar hibsga olingan

  • Amerika Ovozi

O'tgan bir hafta ichida AQShning turli shaharlarida o'tkazilgan reydlarda bu mamlakatda noqonuniy yashayotgan yuzlab muhojirlar hibsga olingan.

"Saylov kampaniyasi paytida va'da qilganimdek, noqonuniy jinoyatchilar, gangsterlar, narkotik savdogarlaridan qutulayapmiz", - deb yozdi Prezident Donald Tramp "Twitter"dagi sahifasida.

Immigratsiya xizmatlarining qayd etishicha, bunday amaliyotlar muntazam o'tkaziladi va Tramp yaqinda imzolagan farmonga aloqador emas.

"Jamiyat uchun xavf deb ko'rilgan, qonunni buzgan shaxslar haqida gap ketayapti", - deydi Ichki xavfsizlik vazirligi so'zlovchisi Gillian Kristensen.

Reydlar kamida 6 shtatda, jumladan Atlanta, Chikago, Nyu-York va Los-Anjeles shaharlarida o'tkazilib, 160 dan ziyod odam hibsga olingan. Aksariyati Amerikada jinoyat sodir etganlar, deydi rasmiylar.

Qo'shma Shtatlarda nolegal yashayotganlar taxminan 11 millionni tashkil etadi. Prezident Tramp yanvar oyidagi farmoni bilan ular orasidan avvalo jinoiy tarixga ega odamlarni tutib, deportatsiya qilishni buyurgan. Immigratsion organlarga bu borada kengroq vakolatlar berilgan.

Reydlar qator shaharlarda norozilik namoyishlariga turtki berdi, jumladan Texasning Ostin shahrida. Bu yerda salkam 100 ming hujjatsiz muhojir yashaydi.

Deportatsiya qilinganlardan biri 36 yoshli Guadalupe Garsiya de Rayos, ikki farzandning onasi. AQShda 22 yildan beri yashab kelayotgan bu ayol Arizona shtatida yillik qayddan o'tish uchun immigratsiya idorasiga kelganida, ushlangan va Meksikaga jo'natilgan. Uning farzandlari AQSh fuqarosi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG