AQSh qonunchilari immigratsiya islohotiga doir takliflar bilan chiqmoqda

  • Amerika Ovozi

Amerikadagi noqonuniy muhojirlar islohotlar talab qilmoqda

Amerikadagi noqonuniy muhojirlar islohotlar talab qilmoqda

AQShda har ikki asosiy partiyaga a’zo senatorlardan iborat guruh bugun immigratsiya islohotiga oid takliflarini e’lon qiladi. Ular orasida ayrim noqonuniy muhojirlarga AQSh fuqaroligini olish imkonini beruvchi chora ham bor.

Besh sahifadan iborat hujjat ustida ishlagan qonunchilarning tan olishicha, AQSh immigratsiya tizimi ta’mirga muhtoj. Ertaga prezident Barak Obama shu mavzuda nutq so’zlashi kutilmoqda.

Senatorlar taklif qilayotgan islohotlarga ko’ra, noqonuniy muhojirlar amnistiya istasa, ro’yxatdan o’tishi, jinoyatchimi, yo’qmi, aniqlanishi, jarima va barcha eski soliqlarni to’lashi hamda bir qator boshqa talablarga javob berishi lozim. Shundagina ularga sinov davri belgilanib, keyinchalik mamlakatda qonuniy yashashi va ishlashi uchun imkon beriladi.

Senatorlar, shuningdek, noqonuniy muhojirlarni aniqlash uchun qo’shimcha mablag’ ajratish, chegara hududlarini havodan nazorat etish, immigratsiya masalalari bilan shug’ullanuvchi agentlar sonini oshirishni ham taklif etmoqda.

Bundan tashqari, ish joylarida yangi kadrlarning muhojirlik maqomini aniqlovchi tizim yaratiladi. Qisqa muddatli viza bilan AQShga kirgan sayyohlarning viza yakunida mamlakatni tark etishini ta’minlovchi sistema ham ishlab chiqiladi.

Komissiyaga a’zo sakkiz senator hisobiga ko’ra, AQShda 11 million odam hujjatsiz bo’lib, aksariyati ish uchun keladi.

Guruh AQSh universitetida fan, muhandislik yoki matematika bo’yicha magistrlik yoki doktorlik darajasini yoqlagan xorijliklarga mamlakatda doimiy yashash huquqini berishni taklif qilmoqda. Shuningdek, ish beruvchilar fuqarolar istamagan ishni bajarish uchun past malakali xizmatchilarni yollashi mumkin bo’ladi.

Komissiya a’zosi, demokrat senator Robert Menendezning aytishicha, immigratsiya tizimidagi muammolarni hal etish uchun hozir imkoniyat yaxshi.

Taqdim etilayotgan takliflar yangi emas, biroq oldingi siyosiy muhitda ularni qabul qilish mumkin emas edi, hozir esa sharoit o’zgargan, deydi guruhning yana bir a’zosi, respublikachi senator Jon Makkeyn.

"Respublikachilar islohot kerakligini anglab yetdi", - deydi qonunchi.

Muxolifat ko’p yillardan beri islohot takliflariga qarshilik ko’rsatib kelayotgan edi, biroq o’tgan yilgi prezident saylovlarida latinolarning uchdan ikki qismi Barak Obamaga ovoz bergach, yondashuv o’zgardi. Latino va ozchilikdagi boshqa guruhlar ovozi va ishonchi qozonilmas ekan, respublikachilar bo’lajak saylovlarda g’alaba qila olmasligini tushunib yetdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG