O'zbekiston Islomiy harakati "Islomiy davlat" ga sodiq

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" Iroq va Suriyaning ayrim qismlarida hukmron

"Islomiy davlat" Iroq va Suriyaning ayrim qismlarida hukmron

O'zini O'zbekiston Islomiy harakati amiri deb tanishtiradigan Usmon G'oziy Suriya va Iroqda dahshatli jinoyatlarni amalga oshirib kelayotgan, qonxo'rligi bilan nom qozongan guruhga sodiqlik izhor etib, u bilan hamkorlikka shay ekanini bildirmoqda.

Harakat safi bugun qanchalik keng ekani mavhum. Biroq so'nggi paytlarda Afg'oniston shimolida biroz faollashgani, xotin-qizlardan iborat jangari to'dalar yurgani haqida xavotirlar mavjud. Ayrimlari, afg'on matbuotining yoritishicha, ushlangan va hozirda hibsda. Islomiy harakat bunga javoban bir necha askarni qatl etgan. Lekin bu holatlar rasman tasdiqlanmagan.

O'zbekiston Islomiy harakati "Islomiy davlat"ga qo'shilishga hoziru nozir ekani haqida oldin ham bong urgan. Ayrim manbalarga ko'ra, guruhning Tolibon bilan hamkorligi deyarli to'xtab qolgan. Bu harakat yetakchilari Mulla Umar, toliblar rahnamosining tirik ekaniga ishonmaydi va uning tarafdorlari madadidan umidini uzgan.

Ayrim ekspertlar tahlilicha, O'zbekiston Islomiy harakati bugun zaif bir to'da va unga moliyaviy jihatdan kuchli hamkor kerak. "Islomiy davlat"ga intilish shu bilan bog'liq. Amerikalik mutaxassislar bu harakatga ulkan xavf sifatida qaramaydi, biroq Afg'oniston va Pokistonda ularga qarshi choralarni susaytirmaslikka undab keladi.

O'zbekiston Islomiy harakati 1996-yilda Tohir Yo'ldosh tomonidan tashkil etilgan terrorchi guruh bo'lib, faoliyatini asosan Afg'onistonda, keyinroq esa Pokistonda olib borgan. Tohir Yo'ldosh 2009-yilda Vaziristonda AQSh havo hujumlari oqibatida o'lgan. Uning o'rnini egallagan Odil Usmon 2012-yilda shu tariqa halok bo'lgan. Usmon G'oziy shundan beri harakat sardori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG