O'zbekiston Islomiy Harakati endi "Islomiy davlat" to'dasiga sherik


O'zbekiston Islomiy Harakati rahbari Usmon G'oziy

O'zbekiston Islomiy Harakati rahbari Usmon G'oziy

Afg'oniston shimolida o'rnashib olgan O'zbekiston Islomiy Harakati (O'IH) "Islomiy davlat" guruhiga qo'shilganini qayd etib, o'zini Xuroson viloyati lashkarlari deb atamoqda.

Harakat rahbari Usmon G'oziy bayonotiga ko'ra, bu haqda jangari guruhining sardori, xalifa Bag'dodiyga maktub yo'llangan.

So'nggi kunlarda O'IH ketma-ket bayonotlar tarqatdi. Avvaliga toliblar rahbari o'zgarishiga munosabat, so'ngra O'IHning Xuroson viloyati rahbariga bo'ysunishi to'g'risida e'lon qilindi.

So'nggi bayonotda xalifalik tomonidan Xuroson viloyati e'lon qilingani, viloyatga Sayid Hofiz ismli kishining voliy etib tayinlangani, Usmon G'oziy yetakchiligidagi jangarilar uning itoatiga kirgani va o'zlarini lashkarlar deb ta'riflayotgani ta'kidlanadi.

Shu munosabat bilan O'IH tarqatgan videoda G'oziy va boshqa jangarilarning “Islomiy davlat” rahbari Abu Bakr Bag'dodiyga bergan bay'ati aks etgan.

O'IHning internetdagi sahifasida Xuroson viloyati atamasining tarixi va bugungi vaziyat haqida davomli ma'lumotlar taqdim etiladi. Xuroson viloyatiga Eron, Afg'onistondan tashqari Markaziy Osiyo hududi ham kirishi aytilgan.

Bir necha yildirki, O'zbekiston hukumati uchun asosiy tahdid hisoblangan, O'zbekistonda islomiy xalifalik qurishni maqsad qilgan jangarilar “Xuroson viloyati” lashkarlariga aylanishi tashkilotning mustaqil faoliyati tugaganini anglatmoqda.

O'zbekiston Islomiy Harakatining bu qarori nimani anglatadi?

“Islom va siyosat” sahifasi muallifi Muhammadsolih Abutov:

“Tohir Yo'ldosh tomonidan 1996-yilda tashkil qilingan tashkilot 2015-yilda Usmon G'oziy tomonidan tugatildi. 19 yil davomida bu tashkilot O'zbekiston rejimiga diniy muxolifat bo'lib keldi. Endi o'zini “Islomiy davlat”ga qo'shilganini e'lon qilmoqda. Men sahifasiga kirib o'qidim, avval O'IH degan joylar o'rniga endi “Islomiy davlat”ning Xuroson viloyati bo'limi deb ko'rsatishayapti”.

Abutov fikricha, bu qaror inqirozda qolgan harakatni qutqaruvchi chora sifatida qabul qilingan.

“Islomiy davlat”ga bildirilgan bu bay'at harakatning shu paytgacha aytib kelgan O'zbekistonda islomiy davlat qurish iddaosi yo'qolganini anglatadi. Endi ular mahalliy emas, global maqsadlar sari harakatlanishmoqchi. Ya'ni endi xalifat qayerda islom davlati qurishni maqsad qilgan bo'lsa, o'sha yo'nalishda kurashishini bildirmoqda. Ikkinchidan, bu qaror ularning boshi berk ko'chaga kirib qolishganidan dalolatdir. Avvalgi g'oyalari o'z aktualligini yo'qotgani uchun ham shu yo'lni tanlashdi. Iroqdagi xalifalikka qo'shilish, shu yo'l bilan tashkilotni saqlab qolish, aksincha ular yo'q bo'lib ketish arafasida edi. Shuningdek, bu qaror harakatni O'zbekistonga nisbatan diniy muxolifat pozitsiyasi birmuncha yo'qotilganini ham anglatadi”, - deydi Abutov.

Mehnat muhojirlarining radikal tashkilotlar safiga qo'shilishi sabablarini tahlil qilib kelayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev O'IHning “Islomiy davlat”ga bay'atini populistik qadam deb hisoblaydi.

“Ularninig sharoiti ancha og'irlashib qolgan edi. Dunyoda jihodchilik harakati keskin o'zgarishlarga yuz tutganidan so'ng bu harakatning Afg'onistonda ham, O'zbekistonda ham nufuzi ancha tushib qoldi. Endi esa o'zlarini yana bir bor eslatib, biz islomiy ummat, jihodiy guruhlar bilan birgamiz deyishmoqchi. Shu yo'l bilan guruh faoliyatiga rang berish uchun populistik bir harakat qilishyapti”, - deydi Hamroyev.

O'zbekiston Islomiy Harakati va Tolibon

O'IH bundan avvalgi bayonotida Mulla Umarning o'limini jamoatchilikdan yashirib kelgan toliblarni tanqid qilgan edi. O'IH toliblarni ham “Islomiy davlat” safiga qo'shilishga, afg'on hukumati bilan tinchlik muzokaralarini to'xtatishga chaqirgan.

“Ular shu paytgacha Tolibonga, Mulla Umarga itoat qilib kelgan bo'lsa, endi Tolibonga bo'ysunmayapti, Tolibondan o'zini mustaqilligini e'lon qilayapti. Lekin ular u hududda Tolibonga bo'ysunmasdan yasholmaydi. U yerda yashash uchun Tolibonga yoki Afg'oniston hukumatiga bo'ysunishi kerak”, - deydi Muhammadsolih Abutov.

"Islomiy davlat" ham, O'IH ham so'nggi paytlarda Afg'oniston shimolida o'rnasha boshladi. Jihodchi guruhlarning Afg'onistonda to'planishi ortidan shimolda, jumladan, Markaziy Osiyo bilan chegaralarda vaziyat ham ancha taranglashdi.

Afg'oniston vitse-prezidenti, o'zbeklar yetakchisi general Abdulrashid Do'stum avvalroq toliblarga taslim bo'lish uchun bir hafta muddat berilishini e'lon qilgan edi.

O'IH o'z saytida Do'stimning bu shartiga munosabat bildirar ekan, aksincha, shimolda jangarilar nazoratidagi hududlar kengayib borayotganini iddao qiladi.

Mintaqa va O'zbekiston

Afg'oniston shimolida hukumat kuchlari va jihodchilar o'rtasida kechayotgan to'qnashuvlarni mintaqa davlatlari diqqat bilan kuzatmoqda. Ammo O'zbekiston ancha xotirjam ko'rinadi.

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida, shimolda "Islomiy davlat" bayrog'i ostida kimlar top'lanayotgani, O'IH qanday imkoniyatga ega ekanligidan qat'i nazar, bir hududda barqaror joylasha olmagan guruhning Markaziy Osiyoga xavf solishi mumkinligi haqiqatdan yiroq.

“Shundan kelib chiqsak, bu guruh boshqa bir mintaqaga harbiy ekspansiya qilishi uchun avvalo o'z hududida kafolatli ustuvorlikka ega bo'lishi kerak. Afg'onistonda esa biz buni kuzatayotganimiz yo'q. Shunday ekan, jangarilarni Markaziy Osiyoni ko'zlab harakat qilayotgani haqida gapirishga erta”, - deydi u.

O'zbekiston hukumati uzoq yillar O'IHni xavfsizlikka asosiy tahdid sifatida ko'rsatib keldi. Harakat mamlakatda bir nechta portlashlar, terrorchilik xurujlarini amalga oshirganlikda ayblangan, tog'li hududlar orqali O'zbekistonga bostirib kirishga ham uringan edi.

O'IH O'zbekiston, AQSh, Rossiya va mintaqa davlatlari tomonidan terorchi guruh sifatida qayd etiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG