Vashington Obamaning inauguratsiyasiga hozirlanmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashingtonning qasamyod marosimi, 30-aprel, 1789-yil

AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashingtonning qasamyod marosimi, 30-aprel, 1789-yil

Barak Obama shu oy ikkinchi prezidentlik muddatini rasman boshlaydi. Asosiy qasamyod marosimi 20-yanvar kuni o’tkaziladi. Ertasiga esa inauguratsiya keng jamoatchilik uchun takrorlanadi.

Ramziy ma’noga ega an’anaviy marosim bir yarim yil oldin boshlangan siyosiy jarayonning yakuniy bosqichi bo’lib, Amerika siyosiy tizimining kuchi va davomiyligini namoyish etish uchun o’tkaziladi.

Saylovlardan keyin, 20-yanvar kuni kunduz soat 12 da yangi rahbar qasamyod keltirib, to’rt yillik prezidentlik muddatini boshlaydi. Saylovni eski rahbar yutgan bo’lsa, ikkinchi muddatga kirishadi.

Inauguratsiya marosimi Amerikaning birinchi prezidenti Jorj Vashington hokimiyatga 1789-yilda kelgandan beri qoldirmay o’tkazib kelinadi.

Marosim AQSh prezidentligining qudratini namoyon qiladi. Vashingtondagi Jorjtaun universiteti professori Mark Romning aytishicha, bu Amerika xalqi uchun ta’sirli, ramziy lahzalardir.

"Bu kun demokratik yo’l bilan saylangan bir prezident lavozimini shu yo’l bilan saylangan yangi rahbarga topshiradi. Jarayon tinch va tantanali o’tadi”.

Prezidentlikka yangi arbob saylangan yillarda u inauguratsiya kuni ertalab Oq uyda sobiq rahbar bilan uchrashib, so’ng ikkisi qasamyod marosimi uchun Kapitoliyga boradi.

Qonunchilar, Oliy sud sudyalari, Oq uy ma’muriyatining muddati tugagan va endigina tayinlagan a’zolari ularni kutib turgan bo’ladi. Bu prezidentlik institutini qo’llab-quvvatlash ma’nosini anglatadi.

Yangi rahbar kunduzi 12 da qasamyod keltiradi. Jarayon Oliy sud bosh sudyasi tomonidan boshqariladi. Buning ham bir ma’nosi bor, deydi Vashingtondagi Jons Xopkins nomidagi universitet professori Ben Ginzberg.

"Bu shu arbobning prezidentlikka saylanishi AQSh Konstitutsiyasi, qonunlari hamda Konstitutsiya mualliflarining umidlari va idrokiga to’liq javob beradi, degani".

Shundan so’ng yangi prezident sharafiga 21 ta salyut yangraydi. Davlat rahbari ilk rasmiy nutqi bilan xalqqa murojaat qiladi.

"Dunyoning nihogi, amerikaliklar nigohi shu payt unda bo’ladi. Hamma undan prezidentligi qanday bo’lishi haqida eshitishni istaydi”, deydi professor Rom.

Qasamyoddan so’ng prezident Oq uyga yo’l oladi. Keyin esa tantanali parad bo’lib o’tadi. Mamlakatning turli chekkalaridan Vashingtonga kelgan guruhlar paradda qatnashib, yangi davlat rahbarini olqishlaydi.

Tantana oqshom ham davom etadi. Yangi rahbar shahardagi bir yoki bir nechta ballga borib, raqsga tushadi.

Qo’shma Shtatlar prezidenti lavozimi dunyodagi eng qiyin vazifalardan hisoblanadi. Yangi rahbar birinchi kundan boshlab berilgan va’dalarini bajarishga kirishishi kerak bo’ladi.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG