Yoshlar ta'lim orqali qashshoqlik bilan kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda daromadlardagi notenglik saylov kampaniyalarida tez-tez tilga olinadigan mavzulardan. Tadqiqotlarga ko'ra, 49 million amerikalik, jumladan, har to'rt bolaning bittasi qashshoqlikda yashaydi. Bu muammoga yechim topish va qashshoqlik yuqori hududlarni rivojlantirish maqsadida maxsus dasturlar ishlab chiqilgan. Ana shunday ta'lim loyihalaridan birining Jorjiya shtatida qanday amalga oshirilayotgani bilan qiziqdik.

Bu maktab o'quvchilari muhim safar arafasida turibdi: kollejga kirish va munosib karyera qilish sari boshlaydigan yo'l ustida. Atlanta shahri mahallalaridan birida boshlangan bu loyihaga Daniel Shoy yetakchilik qiladi.

"Yuqori sifatli ta'lim tizimi orqali biz bolalarimizga eng yaxshi imkoniyatlarni yaratamiz. Bir necha avlodlik oilaviy qashshoqlikdan qutqarib, ularni imkoniyatlar olamiga boshlaymiz", - deydi u.

Dastur beshikdan kollejgacha bo'lgan ta'lim tizimini o'z ichiga oladi. Bolalar uch yoshidayoq jalb etiladi.

Uchinchi sinfgacha savodxonlik, to'g'ri o'qish o'rgatiladi. Ulg'aygan sari ulardagi o'zgarishlar kuzatib boriladi. So'ng matematika, aniq fanlar va texnologiyaga alohida e'tibor qaratiladigan davlat maktablarining yuqori sinflariga o'tishadi.

"Bu yerda kuzatilgan eng yaxshi natija shu bo'ldiki, matematika standartlarini 5-sinfdagilarning faqat 5 foizi bajara olgan edi, hozir 95 foizi ana shu darajaga erishdi", - deydi Shoy.

Bu ta'lim dasturi "Maqsadli mahallalar" deb atalgan hududlar uchun maxsus ishlab chiqilgan.

Jalil Spiermen ana shunday dasturda o'qigan. U hozir muhandislikka ixtisoslashgan 11-sinf o'quvchisi.

"Muhandislik, raqs, musiqa guruhi kabi darsdan tashqari mashg'ulotlarga qatnaganim qanday qaror qabul qilishimga yordam berdi. Kollejga borsangiz, allaqachon nima qilishingizni bilasiz", - deydi u.

Kam ta'minlangan oilalarning bu farzandlari hozir porloq kelajak ostonasida turibdi. Terez Chapmen bu yerga 15 yil oldin oilasi bilan ko'chib kelgan. U hozir kollejda o'qiyapti.

"Oilangizdan tashqarida yana kimdir sizga e'tibor berishini bilish sizni rag'batlantiradi va yaxhiroq ishlashga undaydi. Vazifalarni uddalay olishingiz uchun o'zingizga talabni baland qo'yasiz", - deydi u.

Terezning aytishicha, o'qituvchilarning yordami talabalarning hayotda va o'qishda muvaffaqiyat qozonishini ta'minlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG