Afg'oniston rahbari mintaqa davlatlarini terrorga qarshi birlashishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (chapda) Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan, Dehli, 28-aprel, 2015-yil.

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (chapda) Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan, Dehli, 28-aprel, 2015-yil.

Hindistonga tashrifi davomida Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani terrorizmga qarshi kurashda mintaqa davlatlarini yanada yaqinroq hamkorlikka da'vat etdi. Hindiston, ayni paytda,urushdan aziyat chekkan bu davlat bilan quruqlik va dengiz orqali savdo aloqalarini kuchaytirishga bel bog'lagan.

Afg'oniston rahbari Ashraf G'anining aytishicha, afg'on xalqi hech qachon taslim bo'lmaydi va ular terrorchilarni yakson qilish ahdida qat'iy.

U bu haqda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan bo'lib o'tgan uchrashuv ortidan gapirdi. Ammo terrorni tag-tomiri bilan yo'q qilish uchun mintaqada hamkorlikni oshirish muhim, dedi G'ani. Afg'onistonda prezident almashgandan beri Kobul Hindistonni chetlab, ko'proq Pokistonga yaqinlashayotgani haqida xavotirlar uyg'ongan edi.

"Biz mintaqadagi hamkorlik tabiatini o'zgartirmoqchimiz. Turli zo'ravonliklarga qarshi mintaqada davlatlarning tuchunchalari o'zgarayotgani muhim. Terror hech qachon yaxshi va yomonga bo'linmaydi, ular orasida farq yo'q. Barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bu muammoni to'xtatish uchun mintaqa bo'ylab birlashishimiz kerak", - dedi Ashraf G'ani.


Qunduz viloyatida toliblar bilan yangi to'qnashuv kelib chiqishi oqibatida Afg'oniston rahbarining Hindistonga tashrifi biroz kechikdi.


Hindiston Bosh vaziri Narenda Modi Kobulning ekstremizmga qarshi kurashida va afg'on kuchlarini tayyorgarlikdan o'tkazishda Dehli har doim yordam berishga tayyor ekanini aytdi. Modi, xususan, Eronda qurilayotgan Chabahar porti haqida gapirib, u quruqlik bilan o'ralgan Afg'onistonga Pokistondan boshqa yo'l orqali dengizga chiqish imkonini yaratishini ta'kidladi. Shuningdek, Hindiston Pokiston va Afg'oniston o'rtasida tuzilgan savdo kelishuviga qo'shilishga tayyor, dedi Modi. Loyiha amalga oshsa, Afg'oniston mahsulotlarini Pokiston orqali Hindistonga yetkazish imkoniyati tug'iladi.

"Afg'onistonning Hindiston va Janubiy Osiyoning boshqa qismlari bilan bog'lanishi va dengiz orqali ham bu bog'liqlikni kuchaytirish Afg'onistonni Osiyo va undan tashqaridagi rang-barang hududlarni bir-biriga bog'lovchi markazga aylantiradi", - dedi Hindiston bosh vaziri.

Hindiston Afg'onistonning qishloq xo'jaligi, jamoatchilik loyihalari va infratuzilmasiga ham katta sarmoya kiritishni mo'ljallagan.

O'tgan 15 yil ichida bu mamlakatda yo'llar, maktablar va boshqa muhim inshootlarni qurish uchun hind kompaniyalari 2 milliard dollar sarfladi.

So'nggi yillarda Kobul va Dehli aloqalari kuchaygan bo'lsa-da, ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, yangi hukumat davrida Afg'oniston va Pokiston munosabatlarining mustahkamlanishi Hindistonning ta'sir kuchini kamaytirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG