Breaking News

Hindiston Afg'onistonga bir milliard dollar yordam beradi


Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi (o'ngda) Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bilan, Nyu-Dehli, Hindiston, 14-sentabr, 2016-yil.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi (o'ngda) Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bilan, Nyu-Dehli, Hindiston, 14-sentabr, 2016-yil.

Hindiston Afg'onistonga bir milliard dollar yordam berishni va'da qildi. Bu haqda Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'anining Nyu-Dehliga ikki kunlik safari davomida e'lon qilindi.

Ikki davlat rasmiylari uchta bitim imzoladi. Ulardan biri iqtisodiy jinoyatchilar hamda terrorga aloqador shaxslarni ekstraditsiya qilish haqida.

Bu safargi tashrif o'tgan galgisidan farqli. Aprel oyida G'anini sovuq kutib olishgan edi. Chunki u payt Kobul Afg'onistonda xavfsizlikni yaxshilash maqsadida Pokiston bilan yaqinlashishga urinayotgan edi.

Afg'oniston Islomoboddan Tolibonga ta'sir o'tkazib, uni muzokaralar stoliga qaytarishini umid qildi. Ammo Pokiston guruhga bevosita ta'sir o'tkazish qudratiga ega emasligini ta'kidlab keladi.

Shundan beri Kobul-Islomobod aloqalari sovuqlashdi. Endi Ashraf G'ani Hindiston bilan yaqinlashish yo'lidan bormoqda.

Afg'oniston va Hindiston rasmiylari sakkizinchi bor uchrashmoqda. Bundan tashqari ular videokonferensiya va telefon orqali ham tez-tez gaplashib turadi. Muloqotlarda asosiy e'tibor terrorizmga qarshi kurash mavzusiga qaratilishi aytiladi.

O'tmishda Hindiston Afg'onistonga harbiy ko'mak ko'rsatishdan o'zini tiyib kelgan. Yordam dasturlari, asosan, iqtisodiy ko'rinishda bo'lgan.

"Ammo bu endi o'zgarishi mumkin", - deydi Hindistonning ingliz tilidagi yetakchi "Hindu" gazetasi muharriri Suhasini Haydar.

Afg'oniston va Hindiston rasmiylari Eron bilan birgalikda uch tomonlama hamkorlik bitimini tuzish ustida ham ishlamoqda. Unga ko'ra, Eronning Chabahar shahrida mintaqani o'zaro bog'lovchi port qurilishi rejalangan. Yangi port qo'shni Pokistonni aylanib o'tib, Kobulga Hiniston bilan to'g'ridan-to'g'ri savdo aloqasini o'rnatish imkonini beradi.

Prezident G'ani yaqinda Pokistonning Markaziy Osiyoga o'tuvchi tranzit yo'lini to'sib qo'yishi haqida ogohlantirdi. Chunki Islomobod Kobulning Pokiston orqali Hindiston bilan savdo qilishini xushlamay keladi. Hozircha Pokiston afg'on mevalarining Hindistonga o'tishiga ruxsat beradi, ammo u yerdan Hindiston mollarini kiritmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG