Hindistonda harbiy baza jangarilardan tozalanmoqda

  • Amerika Ovozi

Hindiston mudofaa vazirining aytishicha, Pokiston chegarasi yaqinidagi havo bazasiga hujum qilgan jangarilarning oltitasi o'ldirilgan. Hududni nazorat ostiga olish amaliyoti davom etmoqda.

Xavfsizlik bo'yicha rasmiylarning aytishicha, hududda birorta ham jangari qolmaganiga ishonch hosil qilinmaguncha, bazada tekshiruv va qidiruv amaliyotlari davom etadi.

Patankor shahridagi bazaga shanba kuni uyushtirilgan hujumda 7 hind askari o'ldirilgan edi.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Hindiston yetakchisi Narendra Modiga qo'ng'iroq qilib, hodisani tergov qilishda Islomobod yordam berishga tayyor ekanini bildirgan. Sharifning aytishicha, har doim ikki mamlakat o'rtasida tinchlikni kuchaytirish uchun muloqot boshlanganda, terrorchilar jarayonni buzishga urinadi. Har ikki yetakchi bunday hujumlarga qarshi birgalikda javob qaytarishga kelishib olgan.

Kashmirning Pokistonga qarashli qismida bir necha jangari guruhni o'zida jamlagan Birlashgan jihod kengashi hujum uchun mas'uliyatni o'z bo'yniga olgan. Kashmirni Hindiston nazoratidan ozod qilish uchun kurashayotgan guruhning da'vo qilishicha, ular Hindistonning istalgan harbiy inshootiga bostirib kira olish imkoniyatiga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG