Hindistonda saylovlarda muxolifat g’alaba qozondi

  • Amerika Ovozi

Dunyodagi eng yirik demokratiya – Hindistonda o’tgan saylovning dastlabki natijalariga qaraganda, muxolif "Bxaratiya Janata" partiyasi mutlaq g’alabani qo’lga kiritgan.

Mamlakatni so’nggi 10 yildan beri boshqarib kelayotgan, korrupsiya va iqtisodiy muammolarda ayblangan Kongress partiyasi mag’lubiyatni tan oldi.

Hindiston ahli besh hafta davomida yangi rahbarlarga ovoz berdi. Tahlillarga ko’ra, so’nggi 30 yilda hech bir siyosiy guruh shunchalik ko’p ovoz to’plamagan. Bu degani, "Bxaratiya Janata" partiyasi koalitsiya tuzmasdan yakka o’zi hukumatni boshqaradi.

Konservativ qarashlari bilan tanilgan bo'lajak bosh vazir Narendra Modi mamlakatni iqtisodiy jihatdan oyoqqa turg'izishga, barcha fuqarolar uchun farovonlikni oshirishga va'da beryapti.

Saylov komissiyasi ma’lumotiga ko’ra, ro’yxatga olingan 815 million saylovchidan 66 foizi ovoz berishga chiqqan. Bu Hindiston uchun yangi rekord.

Islohotchi sifatida nom qozongan Narendra Modi Pokiston bilan chegaradosh Gujarat shtatining bosh vaziri lavozimida ishlab keladi. 2002-yilda bu yerda hindu va musulmonlar to’qnashuvida mingdan ziyod odam halok bo’lgan.

Modi diniy mojaroni bartaraf etish uchun o’shanda chora ko’rganini aytib keladi. O’tgan yili Hindiston Oliy sudi uni javobgarlikka tortish uchun isbot-dalil yetarli emas, deya hukm chiqardi.

Siyosatdonlar nazarida Hindistonning yangi hukumatiga qaysi guruhlar kirishidan qat'i nazar tashqi siyosatda katta o'zgarishlar bo'lishi kutilmayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG