Hindiston oltinga o’ch, to’ylarda tilla asosiy sovg’a

  • Amerika Ovozi

Jahon bozorda oltin narxi osmonda, bir grami 52 dollar atrofida. Hindiston singari tillaga o’ch jamiyatlarda unga talab har qachongidan ham yuqori.

Pallavi Menon qizini uzatish arafasida. Oltin taqinchoqlar sotib olyapti. Narxning farqi yo’q.

“Bu kelinning sepi. Qizimni tillosiz uzatmayman-ku axir”,- deydi u.

Hukumat berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, Hindistonda yiliga kamida 10 millionta to’y bo’ladi. Oltin – eng ma’qul sarmoya. Narxi baland, lekin talab ham. Mamlakat mahsulotni chetdan import qiladi. O’tgan yili 816 tonna sariq metal sotib olingan.

Hukumat uchun bu boshog’riq. Narxning oshishi, milliy valyuta qiymatining pasayishi natijasida 2011-yilda oltin importi uchun 55 milliard dollar sarflandi. Davlat xazinasidagi xorijiy valyuta asosan neft va oltinga ishlatiladi.

Yaqinda oltin uchun import solig’i ikki barobar oshirildi va 4 foizga yetdi.

Mumbaydan iqtisodchi Di-key Joshi nazarida hukumat tanlagan yo’l to’g’ri:

“Bugungi kunda Hindiston oldida turgan muammo – byudjet kamomadi. Uning 80 foizini oltin tashkil etadi. Bu yo’l bilan mablag’ jamg’arib bo’lmaydi. Fuqarolar aksiya kabi moliyaviy instrumentlarga sarmoya qilish o’rniga oltin sotib oladi. Bu esa iqtisod uchun zarar”.

So’nggi yillarda yuqori inflyatsiya va aksiyalar qiymatining pasayishi natijasida oltin jozibaliroq sarmoya bo’lib qoldi, deydi tahlilchilar.

Jahon Oltin Kengashi rahbari Ajay Mitra:

“Hindistonning boshqa mamlakatlardan farqi shundaki, oltinni tezda sotib yuborsa bo’ladi va kredit olayotganda uni garovga qo’yish mumkin. Bundan tashqari, oltin narxi tushmaydi. O’tgan yili sotib olingan oltin bir yil ichida 32 foiz sof foyda keltirdi”.

Hindiston ahli oltinni asosan uyda saqlaydi – hammasi bo’lib 16 ming tonna. Nafaqat taqinchoqlar, balki tanga va quyma shaklida.

Ularni davlat banklarida saqlab, daromad olish kerak, deydi Mitra:

“Hukumat oltinni zargarlarga berishi yoki boshqa yo’llar bilan undan daromad olishi mumkin. Odamlar esa olingan daromadni hukumat loyihalariga sarmoya qilsa bo’ladi”.

Shaharmi yoki qishloq, Hindistonda oltin bozori chaqqon. Hatto eng kambag’al qatlamning dardi ham tilla. Boshga tushganni ko’z ko’radi, deydi ular, oltin saqlagan odam kam bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG