Hindu guruhlar mamlakatda islomiy bank ochilishiga qarshi

  • Amerika Ovozi

Shariat asosida ish yuritadigan xalqaro bankning Hindistonda faoliyat boshlash rejasiga hindu guruhlar qarshi chiqmoqda. Dunyoviy davlatda diniy bankka o’rin yo’q, deydi ular.

Saudiya Arabistonida joylashgan Islom Taraqqiyot Bankining (ITB) shoxobchasi bo'lmish Taraqqiyot uchun islomiy korporatsiya (ICD) Hindistonning Ahmadobod shahrida vakolatxona ochmoqchi.

Uning vazifasi kichik va o’rta bizneslarga kredit ajratishdan iborat bo'ladi. Ammo boshqa banklardan farqli o'laroq pulni foizga berish o’rniga mijozlar bilan daromad va zararni taqsimlaydi.

Idora qachon ochilishi hozircha noma’lum.

Boshqa dinga o’tish masalasi dolzarblashadimi?

Ekspertlar yangi bank Hindistondagi eng kambag’al fuqarolarga yordam berishi mumkin, degan fikrda. Ammo “Vishva Hindu Parishad” (VHP), mamlakatdagi eng yirik hindu tashkilotga ko'ra, shariatga asoslangan tuzilma Hindistonga kiritilmasligi kerak, chunki bu dunyoviy tamoyillarga ziddir.

“Ular Hindistonda shariatga asoslangan moliyaviy tizim barpo etmoqchi. Bu esa mamlakatda islomni targ’ib qilib, shariat qonunlarini amalga kiritadi", - deydi tashkilot bosh kotibi Surendra Jayn. "Zotan, banklar dunyoviy institut hisoblanadi va hech qanday din tomonidan nazorat qilinmasligi kerak”.

“Men hinduman. Agar bu bankdan kredit so’rasam, ular avval islomni qabul qil, deyishadi. Bu esa mamlakat bo’ylab boshqa dinga o’tish hollarini ko’paytiradi”, - deydi suhbatdosh.

Islomiy korporatsiyaning Hindistondagi faoliyati uchun mas’ul Zafar Sareshvalaga ko'ra, tanqidchilar bank qanday ishlashidan bexabar.

“Bu zakot emas, ya’ni biz moliyaviy xizmat ko’rsatayotganda faqat musulmonlar bilan cheklanmaymiz. Maqsadimiz – daromad. Kredit olish talablariga javob berganlar kredit oladi. Dunyo bo’ylab islomiy kreditlarni asosan nomusulmonlar oladi”, - deydi Sareshvala.

ITB shariat asosida 56 mamlakatda faoliyat yuritadi, mablag’ asosan infratuzilma, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot dasturlariga beriladi.

Yangi shoxobchalar

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi aprel oyida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurganida keng qamrovli shartnoma imzolagan.

Bankning ilk sho'basi Ahmadobodda ochiladi, so’ngra mamlakatning boshqa qismlarida.

Kelishuvga ko’ra, Hindistonning Eksim (Exim) banki ITBga a'zo davlatlar bilan biznesni yo'lga qo'yish uchun eksportchilarga 100 million dollarlik kredit liniyasini ochadi. ITB, o'z navbatida, Hindistonga 55 million dollarga teng madad bermoqchi. Xususan, qishloqlarda mobil tibbiy markazlar ochish uchun.

Dehlidagi Islomiy moliya markazi rahbari Abdur Raqib fikricha, shariatga asoslangan bank faoliyati mamlakat taraqqiyotiga hissa qo’shadi.

“Islomiy bank Hindistonda daromad va zararni teng taqsimlash va foizga qarz bermaslik asosida ish yuritadi. Odatda tadbirkorlar o’zgaruvchan va tahlikali bozor sharoitida biznes yuritishga majbur. Shu bois muqobil moliya tizimiga ehtiyoj bor”, - deydi Raqib.

Hindistondagi ozchilikdagi diniy guruhlar va quyi tabaqa vakillari yangi bank ochilayotganidan mamnun, deya qo’shimcha qiladi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG