Hindistonda musulmonlar odatda kimga ovoz beradi?

  • Amerika Ovozi

Hindistonda bo’lib o’tgan parlament saylovlari davomida turli siyosiy partiyalar mamlakatning 180 million musulmon saylovchisining e’tiborini qozonishga urindi. Ko’plab siyosatdonlar masjid imomlarining qo’llab-quvvatlovini olishga harakat qiladi. Chunki ular jamoatga eng ko’p ta’sir o’tkaza oluvchi shaxslar hisoblanadi.
Hindistonning musulmonlar yashovchi hududlarida saylov payti masjidlarda ham siyosat tez-tez tilga olinadi. Kalkuttalik Said Nurur Rahmon Barakatiy kabi imomlar namozxonlarni ma’lum bir nomzodni qo’llab-quvvatlashga chaqiradi. Bu safar ular G’arbiy Bengal yetakchi vaziri Mamata Banerjini yoqlamoqda.

Hindistonning faol siyosiy kampaniyalarida bunday jamoaviy qo’llab-quvvatlov muhim ahamiyatga ega.

Muhammad Olamgir ismli fuqaro o’z qarorini imomlarning ta’siri asosida bermasligini aytadi.

“Men ovoz berishda hech bir ulamo yoki imomning ko’rsatmasiga amal qilmayman. Bu mening shaxsiy huquqim. Men o’z shaxsiy tanlovim asosida nomzod tanlayman. O’zim yaxshi deb hisoblagan odamga ovoz beraman. Nega endi men boshqa birov tanlagan nomzodga ergashishim kerak?” - deydi u.

Olamgir yolg’iz emas. Hindistonning Savob akademiyasi G’arbiy Bengaldagi musulmonlar siyosiy nomzodlarni tanlashda diniy rahnamolarga qanchalik ergashishini aniqlash uchun so’rov o’tkazdi.

Tashkilot rahbari Aziz Muborakiy so’rov natijasi haqida shunday deydi:

“Natija hayratlanarli darajada. Musulmonlarning 98 foizi ovoz berishlariga biror diniy rahnamoning ta’sir o’tkazishini istamasligini aytgan”.

Tarixan, musulmonlar Hindistonda asosiy muxolif partiya bo’lgan “BJP”ga qarshi ovoz berib kelgan. Chunki bu partiya o’z mafkurasini Hinduizm g’oyalari asosiga qurgan.

Kalkuttadagi Prezidentlik universiteti professori Maidul Islomning aytishicha, musulmonlar ovoz berishda faqat dinni asos qilib olishi haqidagi qarashlar noto’g’ri.

“Partiyalar, ko’pincha, musulmonlar jamiyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalardan bexabar va nima uchun ularning ma’lum bir shaklda ovoz berishini bilmaydi”, - deydi u.

Sami Mujaddidiy imomlarning siyosatga aralashishini yoqtirmaydi.

“Imomning vazifasi masjid ichidagi jamoatga xizmat qilish. Jamoat namozlarini o’qib berish, Ramazon va hayit namozlarini tashkillashtirish va hokazo”, - deydi u.

Ya’ni, unga ko’ra, imomlarning siyosatga aralashishi noto’g’ri.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG