Breaking News

Hindistonda hukumat yangilanmoqda


Yangi rahbar - Narendra Modi
Yangi rahbar - Narendra Modi
Dunyoning eng yirik demokratiyasi sanalmish Hindistonda hukumat yangilanmoqda. Mamlakatni 10 yildan beri boshqarib kelgan Kongress partiyasi va u boshliq koalitsiyaga kirgan siyosiy guruhlar hokimiyatni muxolifat, Bxarata Janata Partiyasiga bo’shatmoqda.

Qisqacha BJP deb tanilgan bu kuch Hindistonda oldin ko’p marta hukmronlik qilgan. Bu safar uning tepasida Narendra Modi turibdi. Modi millatchilik mafkurasini targ’ib qilib tanilgan.

Gujarat shtatini 2001-yildan beri boshqarib kelgan Modi bugun poytaxtga keldi va Bosh vazir lavozimini egallash arafasida. Bosh vazir Hindistonda hukumat rahbari. Prezident ham bor, lekin u davlatning nominal boshchisi hisoblanadi xolos.

Mamlakatda o’tgan 30 yildan beri biror partiya saylovda yakka holda g’alaba qozonmagan. Hamisha ittifoq tuzishga majbur bo’lgan. Bu gal esa hokimiyat butunlay BPJ izniga o’tmoqda.

O’tgan yillar ichida bosh vazirlik qilgan Manmoxan Singx bugun xalq bilan xayrlashdi. Hindiston demokratiya, xalq nima desa shu bo’ladi, dedi u qarorgohni tark etarkan.

AQSh prezidenti Barak Obama Narendra Modiga telefon qilib, uni g’alaba bilan tabriklagan va Vashingtonga taklif qilgan. Aytish joiz, Amerika Hindistonning oldingi hukumati bilan ham iliq aloqalarga ega edi.

Modi millatchi sifatida o’z yurtida ko’plab qon to’kilishlarida ayblangan va hatto tergov ostida ham bo’lgan. Shunga qaramay saylovda uning partiyasi ustun keldi. Hindiston endi qay tomon yo’naladi, buni aytish qiyin, deydi ekspertlar. Modi asosiy e’tiborini ichki masalalarga, xususan iqtisodiy taraqqiyotga qaratishini aytmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG