Pokiston, Hindiston va Afg'onistonni hamkorlik qila oladimi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Afg’onistonni tark etsa ham, tashqi siyosatida bu hududga alohida e’tibor berishda davom etadi. Bu ishda ikki qo’shni mamlakat – Hindiston va Pokiston ko’maklashishi kutilmoqda. Behzod Muhammadiy navbatdagi lavhada shu haqda fikr yuritadi.

Yaqinda Hindistonga qilgan tashrifi chog’ida AQSh davlat kotibi Jon Kerri Afg’oniston kelajagida Hindiston muhim o’rin tutishini ta’kidladi. Dehli allaqachon qo’shni o’lkaga 2 milliard dollar miqdorida yordam ajratgan. Bu rasmiy Kobul uchun ayni muddao, ammo Pokiston Kobul va Dehli aloqalarning bunday rivoj topishidan xursand emas.

“Siz bilan 65 yildan beri urushib kelayotgan, ba’zan haqiqiy, qolgan paytlar esa sovuq urush holatida bo’lgan davlat eshigingiz oldiga kelsa, bu kimga yoqadi? Pokiston buni o’ziga tahdid sifatida qabul qiladi”, - deydi Jons Xopkins Universiteti tadqiqotchisi Aqab Malik.

Pokiston Afg’onistondagi notinchlikni o’zi uchun tahdid sifatida ko’radi. Afg’onistondagi Hindiston manfaatlari ham terror xurujlari nishoniga aylanmoqda. Shuning uchun Hindiston Afg’oniston bilan chegarani mustahkamlashga ko’proq qiziqmoqda, deydi tahlilchi Venda Felbab-Braun.

“Hindiston elchixonasi hujumga uchradi. Ko’plab hind diplomatlari o’ldi. Dehli tahdid manbai bo’lgan chegaralarini mustahkamlashga qiziqayotgani tabiiy hol”, - deydi mutaxassis.

Vashington Dehli va Islomobodni Afg’onistonda barqarorlikni o’rnatish uchun o’zaro hamkorlik qilishga undaydi. Bu ikki davlat uchun ham muhim, deydi tadqiqotchi Malik.

“Iqtisodiy hamkorlik ham bo’lsa, yaxshi bo’lardi. Shunda ko’p muammolarga yechim topiladi”, - deydi u.

Tahlilchilar fikricha, mintaqada tinchlik hukm surishi uchun Hindiston va Pokiston Afg’oniston ichidagi qarama-qarshi guruhlarni qo’llab-quvvatlamasligi kerak.

“Nima bo’lganda ham, har ikki davlat Afg’oniston tinch bo’lishidan manfaatdor. Terror xurujlari tugatilishi kerak”, - deydi Felbab-Braun.

Mintaqa bo’yicha ekspertlar Afg’onistoning o’zini tiklashida qo’shni davlatlarning o’rni muhimligini ta’kidlasa-da, kelajakda Afg’oniston taqdirini, baribir, afg’onlarning o’zlari hal qilishi kerakligini aytadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG