Hindiston va Pokiston Afg'oniston orqali Turkmanistondan gaz oladi

  • Amerika Ovozi

Turkmaniston gaz zaxiralarining ko'pligi bo'yicha dunyoda to'rtinchi o'rinda turadi.

Turkmaniston gaz zaxiralarining ko'pligi bo'yicha dunyoda to'rtinchi o'rinda turadi.

Hindiston, Pokiston va Turkmaniston tabiiy gaz ta’minotiga doir bitim imzoladi. Bir necha milliard dollarlik quvur Afg’oniston orqali o’tadi. Mavzuni Nasiba Tohir davom ettiradi.

Kelishuvga rasmiylar Turkmaniston poytaxti Ashxobodda imzo chekdi. Tabiiy gaz zaxiralari bo’yicha dunyoda to’rtinchi o’rinda turuvchi Turkmaniston loyiha to’la ishga tushgach, Afg’oniston, Pokiston va Hindistonga kunda 90 million kubometr mahsulot yetkazib beradi.

2030-yilgacha Pokiston va Hindistonning energiyaga talabi ikki baravar oshishi kutilmoqda. Shu bois Turkmaniston gazining asosiy qismini ular sotib oladi. Ortgani Afg’onistonning energetik ehtiyojini qoplaydi.

Loyihada Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) vositachi bo’ldi. Bankning Pokiston bo’yicha direktori Vorner Lipachning aytishicha, tashabbus hududda o’zaro aloqalarni yangi bosqichga ko’taradi.

“Nazarimda bu juda ham yaxshi yangilik. Bundan har tomon faqat foyda ko’radi. Hududga farovonlik olib keladi, odamlarning bir-biriga munosabatini yaxshilaydi. Shuning uchun juda xursandmiz”, - deydi u.

Pokiston Axborot vaziri Qamar Zamon Kayraning aytishicha, kelishuv uning davlati orzularini ro’yobga chiqaradi.

“Loyihani boshida Pokiston olg’a surgan edi. Uning amalga oshganidan mamnunmiz. Albatta, tinchlik loyihasi hamdir, chunki Hindiston va Pokiston o’rtasida hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi, quvurni o’zaro baham ko’ramiz”, - deydi Pokiston rasmiysi.

Kuzatuvchilar fikriga ko’ra, Dehli va Islomobod o’rtasida so’nggi yillarda kuchayib borayotgan iqtisodiy va savdo aloqalari gaz loyihasi dunyo yuzini ko’rishiga hissa qo’shdi.

Dehlidagi Javoharlal Neru Universiteti professori, xalqaro munosabatlar bo’yicha olim Svaran Singxning aytishicha, to’rt mamlakat aloqalarda muammolar bo’lishiga qaramay kelishgani tinchlik muzokaralarida energetika muhim o’rin tutishini ko’rsatadi.

“Ayniqsa, Afg’oniston, Pokiston va Hindiston munosabatlari murakkab. Demak, gaz quvuri ular uchun faqat energiya degani emas, undan ustunroq. Bu ularning farovonligi qarshi ishlashda emas, balki birdamlikda ekanini ko’rsatadi”, - deydi professor.

To’rt mamlakatni ulovchi 1800 kilometrlik quvur g’oyasi dastlab 1990-yillar boshida paydo bo’lgan. Afg’onistonda fuqaro urushi oqibatida to’xtab qolgan edi. Besh yil ichida to’liq ishga tushishi kutilmoqda va uni qurib bitkazish uchun 7,6 milliard dollar sarflanadi.

Pokiston Erondan ham tabiiy gaz sotib olish bo’yicha muzokaralar olib bormoqda. Lekin Eronga qo’yilgan xalqaro iqtisodiy jazo choralari bois AQSh Pokistonning bu ishiga qarshi.

Pokiston Neft vaziri Azim Husayn Amerika qarshiligi o’rinsiz, deydi. “Energiyaga ehtiyojimizni qoplash uchun bor manbalarni qo’lga kiritishga haqlimiz”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG