Shanxay hamkorlik tashkiloti kengayadimi?

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi. Modi Rossiyaning Ufa shahrida BRICS guruhi sammitida qatnashishdan oldin Markaziy Osiyoni ziyorat qilmoqda. Toshkent, 6-iyul 2015-yil

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi. Modi Rossiyaning Ufa shahrida BRICS guruhi sammitida qatnashishdan oldin Markaziy Osiyoni ziyorat qilmoqda. Toshkent, 6-iyul 2015-yil

Hindiston va Pokiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga to’la huquqli a’zo sifatida qo’shilmoqchi. Xo’sh, Rossiya va Xitoy hamda Markaziy Osiyoning to’rt respublikasi a’zo guruhning kengayishi qanday oqibatlarga yetaklaydi?

Hindiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga to’laqonli a’zo sifatida qo’shilish haqdagi arizani o’tgan yili bergan. Pokiston esa maqomining o’zgarishini bir necha yildan beri kutadi. Ikkala davlat hozircha kuzatuvchi. Rossiya va Xitoy qatorida tashkilotga O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston a’zo.

Tahlilchilar fikricha, “oltilik”ka Hindiston va Pokistonning qo’shilishi guruhning mintaqadagi vaznini o’zgartiradi, uning ichidagi Rossiva va Xitoy ustuvorligiga chek qo’yiladi.

“Qizig’i shundaki, Hindistonning tashkilotga qo’shilishi undagi kuchlar muvozanatini o’zgartiradi. Agar Xitoy va Rossiya hozirda aksil-Amerika siyosatini olib borayotgan davlat sifatida ko’rilsa, Hindiston, aksincha, AQSh bilan yaxshi aloqada. Bu ma’noda Hindistonning qo’shilishi aksil-Amerika siyosatiga chek qo’yishni anglatadi”, – deydi Dehlidan siysatshunos Manoj Joshi.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Chen Guopinning aytishicha, Hindiston va Pokistonning qabul qilinishi “oltilik” taraqqiyotida katta rol o’ynaydi.

Joshi kabi ayrim tahlilchilar tashkilotni quruq gapdan nariga o’tmaydigan guruh, desa, boshqalar Xitoy yetakchiligidagi birlashma G’arb alyanslariga qarshi chora bo’la olishiga ishonadi.

Bu tashkilot orqali Hindiston energetika zaxiralariga boy Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan rishtalarini mustahkamlamoqchi. Aynan shu sababdan bu davlat Bosh vaziri Narendra Modi mintaqaning besh respublikasiga tashrif buyurmoqda.

Hindiston Turkmaniston tabiiy gazi, Qozog’istonning neft va uran boyliklariga qiziqmoqda. Ammo dengizga bevosita chiqa olmaydigan mintaqa bilan aloqalar geografik sabablarga ko’ra yaxshi rivojlanmagan. Kelajakda ham aynan shu sabab muhim rol o’ynaydi. Masalan, Turkmanistondan Afg’oniston va Pokiston orqali Hindistonga gaz quvurini qurish loyihasi ko’p yillardan beri amalga oshmay keladi.

“Hindiston mintaqa bilan hamkorlikni oshirishni istaydi, lekin imkoniyatlari cheklangan. Geografik jihatdan ham, mablag’ nuqtai nazaridan ham Xitoy bilan bu mintaqada raqobat qilish qiyin. Xitoy Ipak yo’li loyihasi uchun 15-30 milliard dollar ajratishga tayyor. Biz esa Markaziy Osiyoda nima qilmoqchi ekanimizni haligacha aniq bilmaymiz”, - deydi hindistonlik sobiq diplomat Funchok Stobdan.

Dehlilik yana bir tahlilchi Zokir Husayn fikricha, Hindiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga qo’shilsa bu to’siqlar bartaraf etiladi.

“Hindiston mintaqada o’z o’rniga ega bo’ladi, mushtarak siyosat, olinadigan foyda, sarfiyatga qarshi ko’riladigan chora-tadbirlarni muhokama qila oladi. Demak, mintaqada biz imtiyozli o’ringa ega bo’lamiz. Shanxay hamkorlik tashkiloti mintaqada Hindiston o’rnini mustahkamlaydi”, - deydi Husayn.

Tarixda ilk bor Pokiston va Hindiston yagona xavfsizlik birlashmasiga qo’shilmoqchi. Bu ham muvozanatni kuchaytiradi, axir, Dehli Moskva bilan yaqin bo’lsa, Islomobod - Pekin hamkori.

Ayrim kuzatuvchilar Hindiston va Pokistonning qo’shilishi tashkilotga qanday ta’sir qilishini savol ostiga qo’ymoqda. Ular orasidagi raqobat va ziddiyat boshqa mintaqaviy guruh – Janubiy Osiyo mintaqaviy hamkorlik uchun nomli tashkilotning rivojlanishiga anchadan beri to’ganoq bo’lib keladi.

Pokistonlik siyosatshunos Hasan Asqariy Rizviyning so’zlariga ko’ra, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ikki davlat raqib emas, shuning uchun ular orasidagi aloqalar guruhga salbiy ta’sir qilmaydi.

Har ikkala davlat Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor. Ikkisi konstruktiv siyosat olib borsagina murodiga yetadi, deydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG