Pokiston, Hindiston xavfsizlik idoralari Kashmir bo'yicha muzokarada

  • Amerika Ovozi

Hindiston askari Kashmirdagi chegara postida, 17-avgust, 2015-yil

Hindiston askari Kashmirdagi chegara postida, 17-avgust, 2015-yil

Pokiston va Hindiston xavfsizlik idoralari rahbarlari bahsli Kashmir hududi yuzasidan ziddiyatlarni yumshatish maqsadida muzokara o'tkazmoqda. Ikki hafta oldin hukumatlar o'rtasida rejalangan yuqori darajali muloqot bekor qilingan edi.

Pokiston xavfsizlik kuchlarining Umar Foruq Burki rahbarligidagi 16 kishidan iborat delegatsiyasi Vagah chegara punktida hindistonliklar tomonidan kutib olindi. So'ng ular chegara muammolari yuzasidan muloqot olib borish uchun Dehliga yo'l oldi.

Hindiston Chegara xavfsizligi kuchlari chiqargan bayonotga ko'ra, tomonlar Kashmir chegarasini hamkorlikda qo'riqlash kabi bir qator ijobiy chora-tadbirlarni muhokama qiladi.

Bahsli Kashmir hududining chegara zonalarida vaziyat qaltis. Harbiylar o'rtasida yuz bergan otishmalarda ko'plab askarlar va tinch aholi vakillari qurbon bo'lgan.

Otishmalarni to'xtatish haqidagi sulh shartlarini buzishda tomonlar bir-birini ayblaydi.

Dehlidagi Kuzatuvchi tadqiqot jamg'armasi tahlilchisi Manoj Joshining aytishicha, chegara muzokaralarining o'tayotgani ijobiy holat, ammo eng muhimi to'xtab qolgan siyosiy muloqotni davom ettirishdir.

"Muloqot bo'layotganidan xursandman, lekin chegarada nima bo'lishi haqidagi strategik qarorlar tepadan keladi. Ishonch o'rnatish uchun bularning gaplashgani yaxshi, ammo ular faqat buyruqqa ergashadigan odamlar", - deydi u.

Chegarani noqonuniy kesib o'tish muammosi ham muhokamaga qo'yiladi. Dehli da'vosiga ko'ra, Pokiston hududidan Hindistonda jangarilar kirib kelmoqda. Pokiston ham Panjob va Rajastan viloyatlaridan hududiga noqonuniy odam o'tayotganini aytadi.

O'tgan oy tomonlar o'rtasida hukumat darajasida muloqot o'tkazilishi kutilgan edi. Ammo Hindistonning Kashmir masalasini muhokama qilinadigan mavzular qatoriga qo'shishni istamagani va Pokiston rasmiysining Kashmirdagi isyonchilar yetakchisi bilan uchrashishni rejalagani kelishmovchiliklarga sabab bo'lib, uchrashuv bekor qilindi.

Kelishmovchiliklar hanuz mavjud. Pokistonning milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo'yicha maslahatchisi Sartoj Azizning aytishicha, Kahmir masalasi muzokara stoliga qo'yilmaguncha Pokiston muloqotga kirishmaydi.

Bunga javoban Hindiston Ichki ishlar vaziri Kiren Riju qo'shni yurtni bosiqlikka chaqirdi.

Uning aytishicha, bunday tahdidlar aloqalarni tuzatishga yordam bermaydi, aksincha, masalaga muloyimlik bilan yondashish kerak.

"Har ikki yetakchi bu ishga jiddiy yondashishi kerak. Hozir bundan boshqa chora yo'q. Hindiston-Pokiston muammosi eng yuqori darajada hal qilinishi kerak", - deydi u.

Har ikki davlat hukumati rahbarlari shu oy Nyu-Yorkda bo'ladigan BMT Bosh assambleyasi yig'ini doirasida ham uchrashishi mumkin, degan taxminlar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG