AQSh-Pokiston oradagi kelishmovchilikni tezda hal etishi kerak

  • Amerika Ovozi

AQSh-Pokiston oradagi kelishmovchilikni tezda hal etishi kerak

AQSh-Pokiston oradagi kelishmovchilikni tezda hal etishi kerak

“Tomonlar yuzma-yuz o’tirib, ochiqchasiga gaplashib olishi zarur, mintaqa xavfsizligi va barqarorligi shuni taqozo etadi”, - deydi S. M. Krishna, Hindiston tashqi ishlar vaziri.

Krishna Dehlida Fransiya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgan. Uning aytishicha, AQSh va Pokiston kelishmovchiliklarni muloqot orqali hal qilgani ma’qul.

Janob Krishna Vashington-Islomobod orasidagi keskinlikka ishora qilib deydiki, Janubiy Osiyo mintaqasi tinchini buzadigan omillarni darhol bartaraf etmoq lozim, chunki boshqa davlatlar, xususan Hindiston ham zarar ko’radi.

Xillari Klinton, Amerika Davlat kotibasi kuni-kecha Islomobodda bo’lib, qat’iy talab qo’ygan.

“Ekstremistlar sizning hududda emin-erkin yuribti, Afg’onistonga o’tib xalqaro qo’shinlarga hujumlar uyushtirayapti, ularga qarshi chora ko’ring. Bu ishni hamkorlikda qilaylik”, - deydi Klinton.

Shimoliy Vaziriston – Haqqoniylar makoni. AQSh Pokiston razvedkasi ular bilan til biriktirganini da’vo qiladi. Mazkur ayblov oradagi oz ishonchni ham yemirdi.

Dehli siyosiy tadqiqot markazi olimi Bxarat Karnad fikricha, bu keskinlik Hindistonni ham chetlab o’tmaydi.

“Vashington-Islomobod aloqalari tamomila izdan chiqsa, Pokiston razvedkasi va harbiylaridan har narsani kutish mumkin. Jangarilarni Hindistonga qarshi qayrashi ehtimoldan xoli emas. Rasmiy Delini xavotirga solayotgani shu”, - deydi olim.

Aytish joiz, azaliy raqiblar - Hindiston va Pokiston munosabatlari so’nggi payt bir oz iliqlashgan. O’tgan yili tinchlik muzokaralarini davom ettirishga kelishib olindi. Ayni paytda savdo-sotiqni oshirishga qaratilgan bitim ustida ish ketmoqda.

“Dialog aniq natija bera boshlaganidan har ikki tomon mamnun. Pokiston Hindistonning salomiga alik olayapti. Amerik Pokiston bilan sanu-manga borishi endi kurtak otayotgan do’stlikni barbod qilmasa edi”, - deydi Bxarat Karnad.

Hindiston rasmiylari ta’biricha, Pokiston barqarorligi nafaqat Janubiy Osiyo balki bugun dunyo uchun muhim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG