Hindiston: Vahshiylarcha zo’rlangan qiz olamdan o’tdi

  • Amerika Ovozi

Shu oy boshida Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida vahshiylarcha kaltaklanib, jinsiy tajovuzga uchragan va avtobusdan uloqtirilgan talaba qiz kecha Singapur kasalxonasida olamdan o’tdi.


Hindiston Bosh vaziri Manmoxan Singx bu voqeadan chuqur taassuf bildirib, jinoyatchilar jazosini oladi, deya va’da bermoqda.

Bu mudhish jinoyat mamlakat bo’ylab ommani oyoqqa turg’azgan. Ayolning o’limidan so’ng norozilik namoyishlari yanada avj olib, minglab odam hukumatdan adolat va xotin-qizlarni himoya qilishni talab qilmoqda.

Voqeaga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olingan olti kishi qotillikda ayblanmoqda. Aybdor topilsa ular o’limga mahkum etilishi mumkin.

16-dekabr kuni poyxatda do’sti bilan avtobusga chiqqan talaba qizga olti erkak temir tayoqlar bilan hamla qilgan, zo’rlagan va harakatlanayotgan avtobusdan tashlab yuborgan.

Shifokorlar har ikkisi kasalxonaga chala o’lik holatda yetkazilgani, ayniqsa, qizning ichki organlari va miyasi qattiq zarar ko’rganini aytadi. Uni chorshanba kuni Nyu-Dehlidan muolaja uchun Singapurga ko’chirishga qaror qilingan edi.

Hindiston hukumati bu ishni tergov qilish uchun komissiya tuzgan. Yana bir kengash poytaxtni xotin-qizlar uchun xavfsiz joyga aylantirish hamda bunday jinoyatlar uchun qattiqroz jazo belgilash yuzasidan takliflar bilan chiqishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG