Hindiston rahbari - diniy erkinlik tarafdori

  • Amerika Ovozi

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi nasroniylar tadbirida qatnashdi. Dehli. 17-fevral 2015-yil

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi nasroniylar tadbirida qatnashdi. Dehli. 17-fevral 2015-yil

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi mamlakatda diniy erkinikni himoya qilishni va’da qilmoqda. So’nggi paytlarda nasroniylarga nisbatan hujumlar uyushtirilganidan keyin Modi hukumati jiddiy tanqidga uchradi.

Dehlida nasroniylar jamoasi uyushtirgan tadbirda Bosh vazir Narendra Modi ham qatnashdi. U ozchilik elatlarni nishonga olish hollarini qoraladi va ularni himoya qilishni va’da qildi.

“Hukumat bu masalada qat’iy chora ko’radi. Va’da beraman. Barcha diniy guruhlarga azim bu yurtning haqiqiy ruhini namoyish qilgan holda o’zaro hurmat va bag’rikelnglik bilan muomala qilishga chaqiraman”, - dedi Modi.

Bosh vazir va u rahbarligidagi millatchi Bharatiya Janata partiyasi o’tgan yil may oyida hokimiyatga kelganidan beri dinlararo ziddiyatlar kuchaydi, deydi Modining tanqidchilari.

Hindiston aholisini asosan hindlar tashkil qilsa-da, mamlakatda 160 million musulmon ham yashaydi, nasroniylar ham bor.

So’nggi haftalarda Dehlidagi cherkovlarga besh marta hujum uyushtirildi, binolar vayron qilinib, o’t qo’yildi. Ba’zilar diniy ozchiliklarga qarshi siyosat olib borilayotgani haqida gapira boshladi. Jamoalar vakillari o’zlarini xavfsiz sezmayotganidan shikoyat qilib, namoyishlarga chiqdi.

Shuningdek, so’nggi oylarda yuzlab musulmon va nasroniylarning induizmni qabul qilish marosimi otkazildi. Modi hodisani sharhlamagani uchun tanqidga uchradi. Hind rahbariyati ekstremist millatchi guruhlarni to’xtata olmasligi mumkin, degan xavotirlar avjida.

O’tgan oyda AQSh Prezidenti Barak Obama Hindistonga tashrifi chog’ida mamlakat muvaffaqiyati dinlararo ziddiyatlarning zo’rayishiga yo’l qo’ymaslikka bog’liq, degan edi.

Hindiston rahbari hafta boshida diniy erkinlikka urg’u berib, mamlakat dunyoviyligicha qolishini ta’kidladi.

“Hukumatimiz iymon erkinligini kafolatlaydi. Har bir fuqaro majburlanmagan holda dinini tanlash va unga rioya qilish imkoniga ega. Men boshqarayotgan hukumat barcha dinlarni birdek hurmat qiladi. Turli dinlarga teng hurmat-e’tibor har bir hindning qonida bo’lishi kerak. Birdamlik kuchimizdir, tarqoqlik esa bizni zaiflashtiradi”.

Bosh vazir Modining nasroniylar uyushtirgan marosimda qatnashishi barcha diniy gurhlarga teng e’tibor sifatida ko’rildi.

Eslatish kerak, o’tgan oy Modi rahbarligidagi partiya Dehlidagi mahalliy saylovlarda jiddiy mag’lubiyatga uchragan edi. Ayrim tahlilchilar fikricha, dinlararo ziddiyatlarning kuchayishi taraqqiyotni shior qilgan partiya tarafdorlarini kamaytirgan.

Modi esa seshanba kuni asosiy maqsad iqtisodiy rivojlanish ekanini yana bir bor ta’kidlab o’tdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG