Vashington va Dehli harbiy hamkorlik paktini imzoladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Hindistonda, 3-iyun, 2015-yil.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Hindistonda, 3-iyun, 2015-yil.

Hindiston va AQSh harbiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish maqsadida mudofaa bo’yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning Dehliga safari davomida shunday bitim imzolangan.

10 yillik muddatga imzolangan paktga ko’ra, Vashington Dehlining mudofaa salohiyatini kuchaytirishga, Hindistonning o’zida harbiy texnologiyalarni ishlab chiqarishga yordam beradi.

Kelishuv doirasida, shuningdek, Hindistonda samolyot motorlari ishlab chiqaradigan zavod va avianosets quriladi.

Karter Hindistonning Visakapatnam shahridagi dengiz floti qarorgohiga ham tashrif buyurib, bu o’lkadagi dengiz bazasiga kelgan ilk AQSh rasmiysi bo’ldi.

Tahlilchi Rahul Bedining aytishicha, yangi bitim ikki mamlakat o’rtasida dengizdagi harbiy hamkorlikning kengayishiga hissa qo’shadi. Xitoyning Hind okeaniga chiqish harakatlari kuchayayotgan bir payta, bu Dehli uchun ham, Vashington uchun ham muhim, deydi u.

Bedining aytishicha, hamkorlik nafaqat harbiy mashg’ulotlar o’tkazishda, balki harbiy texnika yaratish va ularni ishlatish bo’yicha ham olib boriladi. U bunga qurilishi rejalanayotgan avianosets loyihasini misol qilib keltiradi.

Hindiston matbuotining yozishicha, AQSh Hindistondan harbiy hamkorlikka Yaponiyani ham taklif qilishni so'ragan. Dehli bunga hozircha ijobiy javob qaytargani yo’q. Hindiston tashqi siyosatda biror ittifoqning bir qismi bo’lishdan o’zini tiyib keladi.

AQSh bilan quyosh energiyasi stansiyasi hamda biologik va kimyoviy tahdidlarga qarshi himoya kiyimlarini ishlab chiqaruvchi zavod qurishga ham kelishib olingan.

AQSh Hindistonning harbiy texnika bo’yicha eng katta ta’minotchisi. Dehli, ayni paytda, qurollarni faqat sotib olmasdan, balki ularni o’zida ishlab chiqarishni kengaytirishga urimoqda.

Narendra Modi bosh vazir bo’lgandan beri Dehli va Vashington aloqalari yana iliqlashdi. Tomonlar bir-birlairni strategik hamkor sifatida ko’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG