Indiana Universitetida Markaziy Osiyo bo'yicha dasturlar


Indiana Universitetida Markaziy Osiyo bo'yicha dasturlar

Indiana Universitetida Markaziy Osiyo bo'yicha dasturlar

Indiana Universiteti ayrim mutaxassisliklar bo'yicha Amerikada dong'i ketgan oliygohlardan. Markaziy Osiyo tarixi, siyosati va tillarini o'rgatish va bu borada izlanish bobida mamlakatda tengi yo'q.

Markaziy Yevrosiyo tarixi fakultetining Ichki Osiyo va Ural xalqlarini o'rganish kafedrasi kelasi yil 50 yoshga to'ladi. Kafedra mudiri Edvard Lazzerining aytishicha, tarixni bilmay, bugungi siyosatni yuritish qiyin.

"Jahon bo'ylab har bir joyning tarixini yaxshi bilish kerak. Shundagina bugun ro'y berayotgan jarayonlarni tushunish mumkin. Kafedramiz ana shu soha aspirantlarini tayyorlaydi. Ular esa xoh hukumatda ishlasin, xoh nodavlat tashkilotlarda, siyosatni shakllantirishda yordam beradi", - deydi u.

Edvard Lazzerining so'zlarini fakultetning antropologiya bo'yicha o'zbek domlasi Nazif Shahroniy ham tasdiqlaydi. Professor afg'onistonlik o'zbeklardan. Uning aytishicha, u yoki bu davlatga nisbatan siyosatni belgilashda uning tarixi, madaniyati, an'analarini chuqur bilish kerak. Shahroniy Markaziy Osiyoni mahalliy olimlarga qaraganda xorijlik mutaxassislar ko'proq o'rganganini afsus bilan tilga oladi.

"Yoshlar biznes, texnologiyaga aloqador fanlarni o'rganishga harakat qiladiyu, ammo tarix, ijtimoiy fanlar, falsafaga esa e'tibor bermay qo'yadi. Buni esa keyin g'arbliklar o'rganib, o'zimiz haqimizda yaxshiroq ma'lumotga ega bo'lishadi".

Nazif Shahroniy vatani Afg'oniston bilan aloqani uzmagan. Ilmiy ishlari orqali mahalliy siyosatchilarga davlatni boshqarishda o'z-fikr va qarashlari bilan maslahat berib turadi.

Indiana Universiteti o'zining Markaziy Osiyoda chop etiladigan kitoblari to'plami bilan ham ajralib turadi. Akram Habibullayev Qozog'istonning Turkiston shahridan. Toshkentda doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. Fanlar Akademiyasida ishlagan. Sharqshunos. Hozirda Indiana Universiteti kutubxonasida ishlaydi.

"Bizda juda ko'p o'zbek, qozoq, qirg'iz, uyg'ur, tojik tillarida kitoblar bor. "Sharq yulduzi" jurnali, o'zbek tilining izohli lug'ati, o'zbekcha-ruscha lug'atlar shular jumlasidan. Yillik byudjetimizdan har yili kitob sotib olish uchun pul ajratiladi. Abdulla Avloniy, Sarvar Azimov, Alisher Navoiy, O'tkir Hoshimov, Odil Yoqubov kabi adiblarning asarlari bor".

Indiana Universitetida o'zbekistonlik mutaxassislar yordamida o'zbek tili qo'llanmasi yaratilib, talabalarga o'zbek tilidan saboq beriladi.

XS
SM
MD
LG