Breaking News

AQSh bizneslari nega xorijga ko'chayapti?


"Sanoatlar vatanga qaytsin"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:32 0:00

"Sanoatlar vatanga qaytsin"

3-may AQShning Indiana shtatida saylovlar, prezidentlikka nomzodlar saralanyapti. Iqtisod va tirikchilik saylovchilar uchun eng muhim masalalar. Indianada zavodlar yopilib, ish o’rinlari chet davlatlarga ko’chayotganida ko’pchilik erkin savdo bitimlarini ayblaydi.

Robert Jeyms va Viki Buress konditsioner va isitgichlar ishlab chiqaradigan “Carrier” zavodida ishlashadi. Ishi har ikkisiga ma’qul, maosh ham yaxshi.

“Shu yerdan pensiyaga chiqaman deb o’ylagandim”, - deydi Jeyms.

Lekin ular ishsiz qoladigan ko’rinadi.

“Carrier” mahsulotlari juda sifatli, talab doimo yuqori bo’lgan. Bunday vaziyatga tushib qolish xayolimizda ham yo’q edi”, - deydi u.

Yil boshida “YouTube” tarmog’iga bir video qo’yildi. Indianadagi zavod 2019-yilga borib yopiladi va Meksikaga ko’chadi, deya 1400 ishchiga e’lon qilingan lahzalar tasvirlangan unda.

Mahalliy kasaba uyushmasi prezidenti Chak Jouns zavod yopilayotganida NAFTA, Shimoliy Amerika erkin savdo bitimini ayblaydi. Uning fikricha, Trans-Tinch okeani hamkorligi nomli yaqinda kuchga kirishi kutilayotgan yana bir kelishuvdan ahvol besh battar bo’ladi.

“Odamlarni ishidan ayiradi bunday bitimlar", - deydi Jouns.

Robert Jeyms ham NAFTAdan g’azabda. Sanoat ishchilarini himoya qiladi, deb Prezident Barak Obamaga u ikki marta ovoz bergan.

“Obama ishonchimni oqlamadi. Savdo bitimiga qo’l qo’yishini hech kutmagan edim”, - deydi suhbatdosh.

Zavod minglab ishchisini bo’shatib, Meksikaga ko’chishi prezidentlik kampaniyasida ham muhokama qilinyapti.

“Carrier” Meksikaga ko’chadi-yu, u yerda ishlab chiqargan mahsulotini bizga sotishda davom etadi", - deydi respublikachilardan prezidentlikka yetakchi nomzod Donald Tramp.

Kasaba uyushmasi rahbari Chak Jouns “bu mavzuni ko’tarayotgani uchun Donald Trampga rahmat”, deydi.

Robert Jeyms fikricha ham Tramp to'g'ri gapni aytayapti. Ya'ni kompaniyalar mahsulotini Meksikadek arzonroq joylarda ishlab chiqarsa, uni sotish uchun AQShga qayta olib kirayotganda soliq to’lashi kerak.

Lekin u baribir Trampga ovoz bermoqchi emas.

“Doimo demokratlarga ovoz berganman”, - deydi Jeyms.

“Carrier” qarorini o’zgartirmaydigan ko’rinadi. Robert Jeymsning fikr-xayoli oilasini qanday boqishda.

“Xotinim betob. Zavod yopilganidan keyin tibbiy sug’urta va boshqa imtiyozlardan ayrilaman”, - deydi u.

Zavod Meksikaga ko’chishiga hali uch yil vaqt bor. Jeyms pensiyaga hozirlik ko’rish haqida o’ylanayotgan edi. Endi yangi ish topishga to’g’ri keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG