Breaking News

Musul ayollari "Islomiy davlat" ostidagi hayotni "jahannam" deb ataydi


Iroq Kurdistonida terroristlar qo'lidan qutqarilgan ayollar yaqinlari bilan ko'rishmoqda
Iroq Kurdistonida terroristlar qo'lidan qutqarilgan ayollar yaqinlari bilan ko'rishmoqda

Iroqning Musul shahrida ikki yarim yildan beri "Islomiy davlat" hukmronligi ostida yashab, endilikda ozod etilgan xotin-qizlar oilalari bilan birlashar ekan, boshdan kechirgan azob-uqubatlarini aytib bermoqda. Jahannam, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan ayollar. Ularning hammasi ham ismini oshkor etishni xohlamaydi.

Qochishga harakat qilganlar ko'p hollarda vahshiyona o'ldirilgan. Omon qolganlar esa har bir kunidan rozi.

30 yoshli Isra, ikki bolaning onasi, uyidan chiqolmagan. Do'konga ham bora olmas edi. Ko'chada uni kimdir ko'rsa, kelib urishi, nega beruxsat yuribsan deya bosim ostiga olishi mumkin edi.

“Xotin-qizlar qora matoga o'ranib, biror joyini ko'rsatmay yurishi shart edi", - deydi Isra.

Ichida shim kiygan ayollar, butkul o'ransa ham, kaltak yegan.

“Sizni yo do'pposlashar edi yoki uyingizga olib kelib, otangizni sizni urishga majbur qilishar edi. Ota "Islomiy davlat" dan kechirim so'rashi shart edi va bu hol boshqa takrorlanmaydi deya so'z berishi kerak edi", - deydi suhbatdoshlardan biri.

Musul ahli hamon sargardon
Musul ahli hamon sargardon


"Islomiy davlat" ayol va erkaklar bir-birini hatto ko'chada ham ko'rmasligini ta'minlash uchun alohida do'konlar ochgan. Ayollar kiradigan do'konlarda qorovullar ayollar edi. Qoidalarni buzsangiz, bu soqchilar sizni urardi.

Keksa bir ayol magazinda bir mahsulotga yaqindan ko'z tashlash uchun yuzini ochganida soqchilar uni tutib, qoziga olib borgan. Ayol 50 darraga hukm qilingan. Omma ko'zi oldida kaltaklangan.

Telefon ishlatish man etilgan edi. Ushlansangiz, yo qo'lingizni kesib tashlashadi yoki kallangizni, deya ogohlantirishar edi. Shunday jazolanganlar ham ko'p edi.

Bir kishining kallasi ko'prikka osib qo'yilgan, yonida yozuv bilan: "Iroq armiyasiga telefon qilmoqchi ekan, tutildi".

O'z vatanidan qochqinga aylangan iroqliklar
O'z vatanidan qochqinga aylangan iroqliklar

Musulni "Islomiy davlat" dan tozalash operatsiyasi boshlanar ekan, 83 ming odam shaharni tark etdi.

“Jangarilar 45 odamni to'plab, "biz bilan ketmasangiz, o'ldiramiz" deya shart qo'ygan. Qochishga ulgurganlar bor. Lekin ko'plab odamlar ikki o't orasida qolib, o'ldi", - deydi Isra.

"Islomiy davlat" kimdan shubhalansa, uni nishonga oldi. Hech kimni ayamadi, ayollar, erkaklar, bolalar, qatl etaverdi.

Qashshoqlik qanot yozdi, chunki odamlar ishlay olmasdi. Iqtisod vayron bo'ldi. Kasalmandlar ko'paydi. Yuqumli kasalliklar keng tarqaldi. Minglab odamlar ochlikdan, azobdan o'lib ketdi.

"Iroq armiyasi uyimizga kirib, "endi erkinsiz" deganida qichqirib yubordik. Ishonish qiyin", - deydi Isra. "Bu kunlar ko'pchilik yeta olmadi".

Minglab yazidiy xotin-qizlar "Islomiy davlat" tomonidan zo'rlandi, qul qilindi va o'ldirildi
Minglab yazidiy xotin-qizlar "Islomiy davlat" tomonidan zo'rlandi, qul qilindi va o'ldirildi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG