Indoneziyada ofat haqida ogoh qiluvchi tizim pand bergan, deydi rasmiylar

  • Amerika Ovozi

Sharqda, Yava orolida esa vulqondan qochgan 40 ming odam yordam kutmoqda

Sharqda, Yava orolida esa vulqondan qochgan 40 ming odam yordam kutmoqda

Indoneziya ketma-ket kelgan ofatda o’lganlarni qidirar ekan, rasmiylar ehtiyot choralari nega ish bermadi, deb o’ylanmoqda. Olti yil oldin ishga tushgan, tsunami haqida ogoh qiluvchi sistema pand bergan.

Hafta boshida zilzila va dovul 343 odamni hayotdan olib ketib, vulqon otilishi oqibatida esa yana taxminan 30 fuqaro jon bergan.

Prezident Susila Bambang Yudxoyono ofat urgan regionni ko’zdan kechirmoqda. O’lganlar soni soat sayin oshib bormoqda. Chekka Mentavay orolida tsunami yuzlab binoni yer bilan yakson qilgan, butun boshli oilalar yo’q bo’lib ketgan.

Rasmiylarning aytishicha, 2004 yilda qaqshatqich tsunamidan keyin joriy etilgan, tabiiy halokatdan ogoh qiluvchi tizim nima uchundir ish bermagan.

Mentavay orolida dastlab 7,7 balllik zilzila ro’y bergan, so’ng bahaybat to’lqin qishloqlarni o’pirib ketgan

Mentavay orolida dastlab 7,7 balllik zilzila ro’y bergan, so’ng bahaybat to’lqin qishloqlarni o’pirib ketgan

Sistemaning vazifasi - aholiga xabar berib turish, katta to’lqin kelishi oldidan signal uzatish. Lekin, deydi rasmiylar, tizim nosozlikdan xoli emas, operatorlar ham tajribasizlik qilib, uni boshqara olmagan.

Mentavay orolida dastlab 7,7 balllik zilzila ro’y bergan, so’ng bahaybat to’lqin qishloqlarni o’pirib ketgan. Biroq Meteorologiya va Geofizika Agentligi xodimlari fikricha, ayb mahalliy boshqaruv organlarida.

Agentlik ofat haqida xabar uzatgan, mahalliy ma’murlar darrov harakatini qilib, odamlarni ko’chirishi kerak edi. Shunda talofatning oldini olish mumkin edi, deydi meteorolog mutaxassislar.

Hozir halokat zonalariga yegulik, kiyim-bosh, dori-darmon yetkazilmoqda. Ko’pchilik uyidan shu holicha, hech narsasiz chiqib ketgan; oddiy kiyimga muhtoj odamlar. O’rmonzordan iborat hududda qidiruv-qutqaruv ishlari kechar ekan, yuzlab odamdan darak yo’q.

Sharqda, Yava orolida esa vulqondan qochgan 40 ming odam yordam kutmoqda. Dushanba otila boshlagan vulqon tinchigan, ammo yana qo’zg’alishi hech gapmas, deydi mutaxassislar.

Olovli, zaharli oqimdan kuyganlar talaygina. Ma’murlar aholini oldindan ogohlantirgan edik, lekin ko’pchilik quloq solmagan, deb tushuntiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG