Indoneziyada jihodchilar faollashgan

  • Amerika Ovozi

"Islomiy himoyachilar fronti" guruhi a'zolari Jakartada namoyish o'tkazmoqda

"Islomiy himoyachilar fronti" guruhi a'zolari Jakartada namoyish o'tkazmoqda

Suriya va Iroqda jangarilar faoliyati kuchayib borayotgan bir paytda dunyoning eng ko’p musulmonlar yashovchi mamlakatida ham jihodchilarga xayrixoh shaxslar paydo bo’lmoqda. Indoneziya hukumati ehtimoliy terror xurujlarining oldini olish uchun tegishli choralarni amalga oshirmoqda.

Poytaxt Jakarta ko’chalarida hamda Yava orolida “Iroq va Shom islomiy davlati” jangari guruhini qo’llab-quvvatlayotganlar paydo bo’ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa ularni yoqlab yana minglab suratlar paydo bo’ldi.

Qamoqdagi jihod targ’ibotchisi Abu bakr Bashir ham yangi tuzilgan xalifalikka bay’at berganini e’lon qildi.

Indoneziya hukumati bu o’zgarishlarni xavotir bilan kuzatmoqda. Shu oy boshida Jakarta “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhini rasman taqiqlab, uni qo’llab-quvvatlovchilar ketidan tushishni boshladi.

Hukumatga ko’ra, Iroqdagi jangari guruh g’oyalari Indoneziya davlatining bag’rikenglikka asoslangan milliy ideologiyasiga yot bo’lgani bois, ularning saytlariga mamlakat ichida taqiq qo’yiladi.

Indoneziyaning terrorizmga qarshi milliy agentligi vakili Shri Yunantoning aytishicha, Suriyadan Indoneziyaga qaytadigan jangarilar mamlakat ichida jihod g’oyalarini targ’ib qilishga urinishi mumkin.

“Biz tayyor turishimiz kerak. Yaqin Sharqdagi jangari guruh masalasi bir yoqli bo’lgach, ular Indoneziyaga qaytib kelishadi. Afg’oniston jangarilari va Moro jangarilari bilan bu borada tajribaga egamiz. Iroqdagi jangarilarning ham Indoneziyada shunday muammo yaratishini istamaymiz”, - deydi rasmiy.

Indoneziyada yuz bergan asosiy terror xurujlarini, masalan, 2002-yilgi Bali portlashlarini uyushtirgan shaxslar o’tgan asrning 80 va 90-yillarida Afg’onistonda hamda Filippindagi Moro islomiy ozodlik fronti lagerlarida tayyorgarlikdan o’tgan.

So’nggi yillarda Indoneziya hukumati “Jamoati Islomiya” kabi ekstremist guruhlar faoliyatiga chek qo’yib, ularning yetakchilarini yo’q qilishda yoki hibsga olishda ancha muvaffaqiyatlarga erishdi.

Lekin jihodga orzumand shaxslar uchun Suriya mojarosi yangi imkoniyat eshiklarini ochmoqda. Ular bu yerda qurollardan foydalanish hamda bomba tayyorlash bo’yicha malakalarini oshirib, moliyaviy jihatdan yaxshi ta’minlangan terror guruhlari bilan aloqa o’rnatishlari mumkin.

Xalqaro tinchlik o’rnatish instituti rahbari Tavfiq Andreyning aytishicha, Indoneziyaga asosiy xavf mustaqil harakat qiluvchi jihodchilardan kelishi mumkin.

“Ko’plab indoneziyalik jihodchilar biror guruh yoki yetakchilar ko’rsatmasi bilan emas, balki shaxsiy qarashlari asosida harakat qiladi. Ular internet, “Facebook” va “Twitter” dan yetarli axborotga ega va bu ularning qaror qabul qilishlari uchun kifoya qiladi. Mustaqil jihodchilar va shaxslar uchun asosiy to’siq bu pul”, - deydi u.

Hukumat hisobiga ko’ra, “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhi tarkibida 30 indoneziyalik bor. Mustaqil kuzatuvchilar esa ular sonini 200 atrofida ekanini aytadi.

Chegara nazoratining zaifligi hamda agentlik va vazirliklar o’rtasida aloqaning yaxshi yo’lga qo’yilmagani bois ayrim fuqarolar Turkiyaga uchib, u yerdan yashirincha Suriyaga yo’l olgani haqida ma’lumtolar bor.

Suriyada jang qilayotgan indoneziyaliklar soni ko’p bo’lmasa ham, ular urushdan so’ng o’z vatanlariga qaytgach, xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanishi mumkin, deydi Jakartada ishlovchi tahlilchi Tod Elliot.

“Uyiga qaytayotgan jihodchilar kelishi bilan jiddiy xavf tug’diradi, terror xurujlarini amalga oshiradi, deb bo’lmaydi. Ammo shunisi aniqki, ular buni qilishga qodir va bu malakalarni yosh jihodchilarga va boshqa guruhlarga o’tkazishi mumkin. Shunisi xavfli”, - deydi kuzatuvchi.

Indoneziya hukumati islomiy jangarilarni qo’llab-quvvatlovchi shaxslarni fuqarolikdan mahrum qilish bilan ogohlantirmoqda. Rasmiylar, shuningdek, Yaqin Sharqqa safar qilayotgan fuqarolarini yaqindan kuzatishlarini ma’lum qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG