Indoneziyada ahmadiylarga qarshi zo’ravonliklar kuchaygan

  • Amerika Ovozi

Ahmadiya majsidida juma namozi

Ahmadiya majsidida juma namozi

Indoneziya – dunyoning eng yirik musulmon jamiyati. So’nggi yillarda bu yerda Ahmadiya oqimiga nisbatan zo’ravonlik kuchaygan.

Indoneziya poytaxtidagi Al-Hidoya Ahmadiya masjidi namoz paytida juda gavjum. Har kuni yuzlab odam yig’iladi. Ularni politsiya qo’riqlaydi, chunki namozxonlarga hujum qilinishi ehtimoli katta.

Ahmadiylar o’zini alohida bir mazhab deb biladi. 19-asrda Hindistonda vujudga kelgan va keyinchalik butun dunyo bo’ylab tarqalgan guruh. Ular payg’ambarlik tugamagan deb ishonadi, ya’ni Muhammad Ollohning oxirgi elchisi emas deyishadi.

1870-yillarda Hindistonning Panjob viloyatida Mirzo G’ulom Ahmad Qodiyoniy degan ziyoli yashab o’tgan. Faylasuf va keyinchalik avliyo deb nom chiqargan. Islom tarixi va ilohiyot haqida asarlar yozgan.

1889 yilda u Anjumani Ahmadiya degan tashkilot tuzadi. Izdoshlari uni payg’ambar deb e’lon qiladi.

Ko’plab musulmonlar nazarida esa ahmadiylar yo’ldan adashgan. Ulamolar ahmadiylarni kofir deb biladi.

Indoneziyada 200 ming ahmadiy bo’lib, ular qonunan bemalol e’tiqod qilishga haqli. Lekin o’z saflariga yangi odamlarni jalb eta olmaydi.

So’nggi oylarda ahmadiylarga qarshi hujumlar ko’paygan. Fevral oyida mamlakatning Ga’rbiy Yava viloyatida jiddiy to’qnashuv yuz berdi.

1000 dan ziyod odam tayoq va toshlar bilan ahmadiylarga hujum qildi. 3 kishi halok bo’ldi.

Ahmad Masihuddin – omon qolganlardan.

“Meni katta bir tosh bilan urishdi, hushimdan ketdim”,- deydi u. “Do’stlarimni sudrab olib ketishdi. Ularga nima bo’lganini bilmayman.”

Indoneziya azaldan diniy bag’rikenglik va milliy barqarorlik timsoli bo’lib kelgan. Yaqinda Jakartadagi Setora erkinlik va demokratiya instituti o’tkazgan so’rovga ko’ra, aholining 80 foizi ahmadiylarga nisbatan zo’ravonliklarni qoralaydi.

Lekin ahmadiylar fikricha ularga xuruj qilayotganlar jazosini olmayapti. Masalan, fevral oyidagi jinoyatda aybdor deb topilgan shaxslar 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi xolos, deydi Ahmad Masihuddin.

“Bu adolatsizlik... Islomga zid”,- deydi Masihuddin.

Ahmadiylar hech kimga ziyon qilmay, Ollohga toat-ibodat qilib yashayotganini, shu jamiyat vakili sifatida farovonlik uchun o’z hissasini qo’shayotganini aytadi. Zo’ravonlikdan yiroqmiz, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG