O'zbekistonlik ikki faol "Axborot qahramonlari" ro'yxatida


Inson huquqlari faoli Mo'tabar Tojiboyeva

Inson huquqlari faoli Mo'tabar Tojiboyeva

Yaqinda tuzilgan xalqaro “Axborot qahramonlari” ro`yxatiga ikki nafar o`zbekistonlik faol ham kiritilgan. Ulardan biri qamoqdagi jurnalist Muhammad Bekjon, yana biri esa sobiq mahkuma, taniqli huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyeva. Xalqaro matbuot kuni munosabati bilan o`tgan tadbirda g’arb davlatlari Bekjon sog`ligi yuzasidan jiddiy xavotir bildirgan edi. Erkin matbuot targ’iboti bilan shug’ullanadigan “Ozodlik uyi” (Freedom House) tashkilotining bu yilgi hisobotida Turkmaniston va O’zbekiston yana matbuot erkinligi oyog'osti qilinayotgan mamlakatlar safida.

O`zbekistondagi ilk muxolif nashrlardan biri “Erk” gazetasi muharriri Muhammad Bekjon 1999-yildan buyon qamoqda. AQSh Davlat departamenti Xalqaro matbuot kunida e’lon qilgan bayonotda jurnalistik faoliyati uchun uzoq yillardan buyon qamoqda saqlanayotgan Bekjon salomatligi yuzasidan jiddiy xavotirlar bildirildi.

U Toshkentdagi portlashlarga aloqadorlikda ayblanib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 60 yoshli jurnalistning qamoq jazosi 2012-yilda yana besh yilga uzaytirildi.

Shvetsiyada yashayotgan o`zbek jurnalisti Qudrat Bobojon Muhammad Bekjon bilan birga ishlagan. Uning mustaqil o`zbek jurnalistikasi shakllana boshlagan davrlarda qo'shgan hissasini yuqori baholaydi.

“U “Erk” gazetasida dastlabki kunlardan muharrir bo`lgan. Dastlab “Birlik”, keyinchalik “Erk” partiyasining nashrlarini chiqargan asosiy shaxslardan. Men hamisha uning yonida bo`lganman. Bundan tashqari, u o`sha paytlarda chiqqan “Hurriyat” va “Munosabat” gazetasi faoliyatiga ham hissa qo`shgan. O`zbekistonda o`sha paytlardagi mustaqil jurnalistika shakllanishida Bekjonning hissasi katta edi”, - deydi jurnalist.

AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo`mitasi (CPJ) uni dunyoda kasbiy faoliyati uchun eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalistlardan biri sifatida e`tirof etdi. Tashkilot O’zbekiston hukumatidan uning zudlik bilan ozodlikka chiqishini talab qildi.

“Tasavvur qiling, Muhammad Bekjon 1999-yilda qamalgan bo`lsa, o`shandan buyon hamon qamoqda. Bundan oldin 1993-yillarda ham u keskin tazyiqqa uchragan va birmuncha muddat Ukrainada yashashga majbur bo`lgan edi. U paytlarda Muhammad Solihni boshqa ukalari ham qamoqqa olingan edi. Bugun Muhammad Bekjon nafaqat O`zbekiston, balki butun dunyoda ham jurnalist sifatida eng uzoq qamoqda o`tirgan kishilardan biriga aylandi. Boshqa biror jurnalistga siyosiy motivlar sabab bunchalik ta’qib ko`rsatilganini bilmaymiz. Unga nisbatan jazo muddati yana qo`shib berildi. Rejimning unga, shuningdek, so`z erkinligiga munosabatida ham biror o`zgarish sezilmaydi”, - deydi Bobojon.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti xalqaro matbuot kunida dunyo bo`ylab so`z erkinligi himoyasi uchun matonat ko`rsatgan yuz kishining ro`yxatini tuzdi.

“Axborot qahramonlari” nomini olgan bu yuzlikda ikki nafar o`zbekistonlik ham bor. Bular jurnalist Muhammad Bekjon va huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyevadir. Muhammad Bekjon

Muhammad Bekjon


“...adolat uchun kurashgan yuz kishining portreti yaratilayotganidan, meni ham nomzod sifatida kiritishganidan xabarim bor edi. Bu yuzlik so`z erkinligi uchun ta’qibga, tazyiqqa uchragan, shunga qaramasdan, o`z faoliyatini davom ettirayotgan shxslardan iborat bo`lishi kerak edi. E’lon qilingan ro`yxatni qarab chiqar ekanman, haqiqatan tanlangan yuz odamning har birining taqdiri o`rnak bo`larli. Ularning hammasi so`z erkinligi uchun kurashgan, og`ir hayot yo`lini bosib o`tgan insonlar. Men o`z faoliyatim bilan bu ro`yxatda turishga munosib ko`rilganim uchun, albatta, minnatdorman”, - deydi ayni paytda Fransiyada faoliyatini davom ettirayotgan “O`t yuraklar” inson huquqlari tashkiloti rahbari Mo`tabar Tojiboyeva.

O`zbekiston so`z va matbuot erkinligi keskin cheklangan sanoqli davlatlardan. Mamlakatda o`ndan ortiq mustaqil jurnalist kasbiy faoliyati uchun qamoqda. So`nggi paytlarda Muhammad Bekjon, Solijon Abdurahmonov va Dilmurod Sayyid sog'ligi yomonlashgani yuzasidan jiddiy tashvishlar bildirilmoqda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG