Mo'g'ullar Xitoy hukumatidan adolat talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

O'tgan kunlar ichida Ichki Mondoliyada katta namoyishlar kuzatildi

O'tgan kunlar ichida Ichki Mondoliyada katta namoyishlar kuzatildi

Xitoyning Ichki Mo'g’uliston muxtoriyatida bir necha kun oldin ro’y bergan ommaviy namoyishlar ketidan Xitoy hukumati jamoatchilik talablarini qondirishga, mintaqaga iqtisodiy ko’makni oshirishga va’da bermoqda.

Lekin inson huquqlari tashkilotlari berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, ko’mir konlariga boy Ichki Mo’g’ulistonda xavfsizlik kuchlari vaziyatni qattiq nazorat ostiga olib, aholiga nisbatan bosimni kuchaytirgan.

Xitoy shimolida joylashgan Ichki Mo’g’ulistonda bir cho’pon yuk mashinasi ostida halok bo’lganidan norozi mug’ullar hukumatdan adolat talab qila boshlagan.

Bu fuqarolarning dardi shuki, sanoatlashish tabiatni buzmoqda va ularning hayotiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Mol boqib kun ko’radigan aholi konlar atrofidagi yirik inshootlar ularni va atrof-muhitni zaharlayotganini aytadi.

O’tgan 20 yildan beri Ichki Mo’g’ulistonda buncha katta namoyish kuzatilmagan edi.

Mintaqada xavfsizlik choralari kuchaytirilar ekan, talabalarning namoyishlarda qatnashishi man qilingan va telefon aloqa cheklangan.

Bir necha kun davom etgan namoyishda mo’g’ullar iqtisodiy ahvoldan ham shikoyat qilgan.

Xitoy Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Tsiang Yu xalq talabi bajariladi, lekin tartibni buzganlar jazolanadi deydi. Bu namoyishlar ortida chet eldagi tashkilotlar turibdi deya da’vo qiladi rasmiy.

Mintaqadagi vaziyat borasida hisobotlar bayon qilib turadigan Janubiy Mo’g’uliston Inson Huquqlari Markazi AQShda joylashgan. Xitoy hukumati mog’ullar madaniyati va huquqlarini hurmat qilsin, deya bildiradi bu muassasa. Bu tashkilot nazarida namoyishchilar faqat adolat so’rab ko’chaga chiqqan va faol cho’ponning o’limida aybdor odam jazosini olishi shart. Ikki xitoy qamoqqa olingan.

Ichki Mo’g’ulistonda 24 million odam yashaydi, ulardan faqat 20 foizi mo’g’ullar. Ular xitoylarni ko’mir konlarini o’zlashtirish bahonasida mintaqani bosib olganlikda va ekinzorlarni payhon qilib, ekologiyani buzayotganlikda ayblaydi.

“Ichki Mug’uliston Kundaligi” davlat gazetasiga ko’ra, region kommunistik partiyasi raisi talabalar va o’qituvchilar bilan uchrashib, jamoatchilikni tinchitishga urinmoqda.

Tibet va Shinjon Uyg’ur Muxtoriyati singari Ichki Mo’g’ulistonda ham etnik nizolar kuzatiladi.

Mo’g’ullar xitoylarni mintaqa tabiiy boyliklaridan katta daromad olib, uni tub aholi bilan bo’lishmayotganlikda, bu elat vakillarini siqib chiqarayotganlikda tanqid qiladi.

Ziyolilar tahlilicha, Ichki Mo’g’ulistondagi namoyishlar chuqur ildiz otgan muammolardan darak beradi. Xitoy iqtisodiy jihatdan taraqqiy etar ekan, aholisining bir qismi iqtisodiy adolatsizlikdan shikoyat qiladi. Jamiyat boy va kambag’alga ajralib, muvozanat yo’qolgan. Millionlab insonlar nonini topishga qiynalmoqda.

Siyosiy tahlilchi Jozef Cheungning aytishicha, ishsizlik, korrupsiya va tengsizlik sabab mo’g’ullarning ahvoli tang.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG