Breaking News

O'zbeklar va xalqaro tashkilotlar Qirg'iziston janubida mustaqil tergovga chaqirmoqda


Qirg'iz armiyasi ham aholini o'qqa tutganlikda ayblanmoqda
Qirg'iz armiyasi ham aholini o'qqa tutganlikda ayblanmoqda

Qirg'izistonlik o'zbeklar nazarida so'nggi kunlarda qirg'iz armiyasi qurollangan to'dalarga qo'shilib o'zbeklarni o'qqa tutgan.

Qirg'iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva bugun O'shda bo'lib, fojia ko'lami o'ylanganidan keng ekanini tan olgan. Xalqaro tashkilotlar mustaqil tergov o'tkazishga chaqirmoqda.

Hukumat shu paytgacha janubdagi to'qnashuvlarda 200 dan kam odam o'lgan, deb kelayotgan edi. Biroq O'shda Roza Otunbayeva qurbonlar soni ikki ming atrofida bo'lishi mumkin, degan. Qirg'iziston muvaqqat rahbari bu raqamlarni ma'muriyatining yangi tekshiruvlari asosida aytganmi yoki xalqaro bosim ostidami, hozircha noaniq. Ba'zilar nazarida shu paytgacha asl manzarani yashirib kelgan hukumat hududga xorijiy jurnalistlar va xalqaro tashkilotlar kirib, qirg'in ko'lami keng ekani haqida bong urgach, ilojsizlikdan haqiqatni tan olishga majbur.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining ozchilikdagi elatlar bo'yicha oliy komissari Knut Vollebek mustaqil xalqaro tergov o'tkazishga chaqirmoqda. Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti ham tergov o'tkazilmasa, haqiqat yuzaga chiqmaydi, deb aytmoqda. Muxbirlar va xalqaro tashkilotlar nazarida o'zbeklarga qarshi qirg'inda qirg'iz armiyasi va militsiyasining ham qo'li bor.

Kuzatuvchilar Qirg'iziston janubidagi voqealarni qatliom, genotsid deya ta'riflamoqda. Ba'zi faollar xunrezliklar Qirg'iziston hukumatinining loqaydligi va beparvoligi tufayli ro'y berganini aytib, mustaqil ravishda tergov o'tkazishga, qirg'in bo'yicha ma'lumot to'plashga kirishgan.

O'shdagi huquqshunos va inson huquqlari faoli Izzatilla Rahmatullayev ana shulardan biri.

Uning aytishicha, hozirda turli ko'rinishdagi ashyoviy dalillar to'planmoqda, ammo shahar notinch bo'lgani sabab, doim ham buning iloji bo'lmayapti.

Qirg'iziston armiyasining tinch aholiga hujumlari tasvirlangan ko'plab videolar va fotosuratlar Internetda paydo bo'lgan.

Muvaqqat hukumat sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev ikki qardosh xalqni bir-biriga qayrab, provokatsiya qilgan demoqda, ammo qirg'izistonlik o'zbeklar muntazam armiya Bakiyev ta'siriga qanday tushgan, deya hukumat so'zlariga shubha bilan qaramoqda.

So'nggi xabarlarga ko'ra, mojaro zonalarini 400 mingga yaqin odam tashlab chiqqan. Taxminan 100 minggi O'zbekiston sharqidagi qochqinlar lagerida. O'zbekiston hukumati ularga yordam berishni so'rab, xalqaro hamjamiyatga rasman murojaat etgan.

Komila ismli jizzahlik maktab o'qituvchisining aytishicha, agar hukumat O'zbekiston aholisiga ham murojaat etganida edi, hech kim qo'l qovushtirib o'tirmas edi, ammo O'zbekiston matbuoti bu haqda sukut saqlamoqda, aholi esa boqi-beg'am, deydi Komila.

Biroq O'zbekiston hukumatiga yaqin kuzatuvchilar nazarida Qirg'izistonda tartib o'rnatilgach, qochqinlar yurtiga qaytariladi. Aks holda O'zbekistonning o'zida ijtimoiy vaziyat og'irlashishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG