"Xufiyona o'yinlar": Moliyaviy inqirozda kim aybdor?

  • Amerika Ovozi

Shu kunlarda jahon ekranlariga chiqqan yangi kartina sizni global tanazzulga yetaklagan sabablar va shaxslar bilan tanishtiradi.

Shu kunlarda jahon ekranlariga chiqqan yangi kartina sizni global tanazzulga yetaklagan sabablar va shaxslar bilan tanishtiradi.

Bundan ikki yil oldin AQSh hukumati tilka-porasi chiqqan iqtisodiyotni oyoqqa turg’azish uchun 800 milliard dollar ajratgan edi. Ishsizlik darajasi bu mamlakatda hamon yuqori – 10 foiz atrofida. Uy-joy uchun olingan qarz-kreditini to’lay olmayotgan amerikaliklar millionlarni tashkil etadi.

Hukumat, bir so’z bilan aytganda, krizisni yenga olgani yo’q.

Shu kunlarda katta ekranga chiqqan hujjatli film "Inside Job" - "Xufiyona o'yinlar" 2008 yilgi moliyaviy tanazzulga sinchiklab nazar tashlaydi, uning ortida turgan qarorlar va shaxslarni aniqlashga urinadi.

Charlz Ferguson suratga olgan film xulosasi shuki, tavakkalchilik va yulg’ichlik, bankir va investorlarning boylik ortidan quvishi 2008 yili AQSh iqtisodiyoti va shu tariqa jahon moliya tizimini jar yoqasiga olib borgan.

AQSh Kongressi yirik banker va korporatsiya rahbarlarini huzuriga chaqirib, qanchalik so’roq qilmasin, hech kim javobgarlikka tortilmadi.

Ikki yil o’tib ham, deydi rejissyor, adolat hamon qaror topmadi. Amerikani shilib ketgan firibgarlarning birortasini panjara ortida ko’rmaysiz.

"Maqsadim – bu fojia sabablarini odamlarga tushuntirish. Moliya dunyosida, parda ortida nimalar bo’lganini fuqaro bilsin. Chunki buning jabrini oddiy odamlar tortdi va tortmoqda",- deydi rejissyor.

Fakt-dalillarga asoslangan film tomoshabinni g’azabga to’ldirishi tabiiy. AQSh iqtisodiy siyosatida prezident Ronald Regan davridan boshlab, “bozor o’zini o’zi nazorat qiladi” degan falsafa hukmron edi.

Moliyaviy sektor uchun esa bu - tavakkalchilik va mas’uliyatsizlikning oltin davri bo’lgan.

Masalaning tagiga yetish uchun, soha egalari, iqtisodchi va tahlilchilar obdon savolga tutiladi.

Ularning aytishicha, AQSh hukumati ogoh bo’lganida, jilovni mahkam ushlab turganida edi, boshboshdoqlik bu darajaga bormagan bo’lardi. “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan iqtisodchilar ham shu fikrda.

Tanazzuldan saboq shuki, moliyaviy sektorni nazorat qilmaslikning oxiri voy bo’ladi. Hamma uchun.

Filmda amaldagi prezident Barak Obama va uning ma’muriyati ham tanqiddan chetda qolmagan.

“Qalloblarni fosh etamiz” deb jar solgan Obama ularni o’z yoniga ishga oldi, deydi rejissyor.

"Saylov kampaniyasida Obama mamlakatni shu ahvolga solgan shaxslar javobgarlikka tortiladi degan edi. Prezident etib saylangach esa ularni o’ziga maslahatchi qilib oldi. Moliya vaziri, Oq uy iqtisodiy kengashi a’zolari …",- deydi Ferguson.

Iqtisodchi Robert Jonson fikricha, Obama krizis takrorlanishini bartaraf etish uchun haligacha yetarli chora ko’rmagan.

"Amerikada shunday yirik banklar va sarmoya kompaniyalari borki, ularni iqtisodiyot tayanchi deb imtiyozlar bilan siylaymiz",- deydi u.

"Bu sektor murakkab va xavfli moliyaviy operatsiyalardan qo’rqmaydi, chunki biladiki, hukumat doimo ularni qutqarishga tayyor. Bankrotlik haqida gap bo’lishi mumkin emas. Shu sababli, ipoteka kreditlarini qimmatbaho qog’ozga aylantirib, investorlarga sotish, tavakkal qilishga intilish kuchli. Bu kompaniyalarga milliardlab dollar daromad keltiradi. Spekulyatsiya ortidan katta boylik, mol-mulk… Sarmoyachilar siyosiy kampaniyalarga homiy".

Tahliliy film optimistik bashoratlardan yiroq. Muallif deydiki, Vol-Stritdagi moliyachilar AQSh iqtisodiyoti va hukumatini garovda saqlab turgandek bir hol vujudga kelgan.

"Lekin Vol-Strit cho’ntagida qanchalik ko’p pul bo’lmasin, siyosatni ular belgilamaydi. Amerika hamon demokratik mamlakat. Nuqsonlari bisyor, lekin demokratiya. Hukumatdan moliya tizimini tartibga solishni talab qilish kerak",- deydi Ferguson.

Ferguson nazarida AQSh hali uzoq yillar krizisdan qiynaladi.

Kartina Kann, Nyu-York va Toronto kinofestivallarida katta sovrinlarni qo’lga kiritdi. Oskar mukofotiga ham loyiq topilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG