Amerikada bosh inspektorlar - korrupsiya kurashchilari

  • Amerika Ovozi

AQSh hukumati vazirlik va davlat boshqarmalari faoliyatini nazorat etishda bosh inspektor xizmatidan foydalanadi. Bu idora hukumat kontraktlarini olgan xususiy kompaniyalar ishini ham kuzatadi. Bundan maqsad hukumat dasturlari samaradorligini oshirib, korrupsiyaga qarshi kurash.

Bosh inspektor Sog’liqni saqlash vazirligi ishi uchun ajratilgan 940 milliard dollarning qanday sarflanayotganini har bir sentigacha nazorat qiladi. Uning idorasi vazirlik qoshida joylashgani bilan bosh inspektor Kongressga javob beradi.

Har bir vazirlikda Daniel Levinson kabi inspektorlar bor. Ular korrupsiya holatlarini aniqlab, mahalliy va xalqaro dasturlarning qanday ishlayotganiga baho beradi.

“Vazirlik orqali o’tayotgan pulni tekshiramiz. Raqamlarga qarab, xatolarni topamiz, jinoyat sodir etilganmikan deb taftish qilamiz, aybdorlarni aniqlab, jazolaymiz. Dasturlarni mukammalashtirish uchun takliflarimizni beramiz”, - deydi Levinson.

Soliqdan tushgan milliardlab dollar pul sog’liqni saqlash dasturlariga sarflanar ekan, ayrim xizmatchilarning pulni hamyonga urishi ehtimoldan xoli emas.

So’nggi besh yilda, deydi bosh inspektor, audit va taftishlar natijasida salkam 3800 holatda aybdorlar jinoyati uchun jazolandi, ikki yarim ming vaziyatda o’zaro kelishildi. 23 yarim milliard dollarni qaytarishga muvaffaq bo’ldik, deydi Levinson.

Bosh inspektorlar prezident tomonidan tayinlanib, o’zi mas’ul bo’lgan vazirlik yoki boshqarma faoliyati yuzasidan Kongressga hisobot beradi. Ular vazirlar va davlat agentliklari rahbarlarini ham ishlaridan xabardor qilib turadi, ammo ularga bo’ysunmaydi.

Ekspert Maykl Smolbergning aytishicha, bosh inspektorlarning bu kabi mustaqil maqomi juda muhimdir.

“Bosh inspektor va boshqarma rahbari o’rtasida raqiblarcha munosabat bo’lishi kerak. Salbiy yoki mojaroli emas, ammo orada sog’lom masofa bo’lishi lozim”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG