Breaking News
Din

Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelishni maqsad qilgan faol


Yaqinda Vashingtonda arab-Isroil tinchlik muzokaralarining navbatdagi davrasi boshlandi, ammo amerikalik bir faol uchun Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelish - hayotiy maqsad.
Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelishni maqsad qilgan faol/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00
Yuklab oling

Siyosatshunos va huquqshunos Frank Romano yahudiy va falastinliklarni bir-biriga yaqinlashtirish yo’lida sakkiz yildan beri jon kuydiradi.

Frank Romano 2005-yildan buyon Isroil va G’arbiy sohilga 40 marotaba safar qilib, yahudiy, nasroniy va musulmonlar bilan muloqotni yo’lga qo’ydi.

“Din haqida gapirib, vaqtingni behuda sarflayapsan, deb ba’zi odamlar menga qarab kulishadi. Ularning fikricha, Isroil va Falastin yer talashyapti, buning e’tiqodga hech aloqasi yo’q emish”, - deydi Romano.

Huquqshunos olim nazarida, din bu mojaro ortida yotgan muhim omillardan. Oradagi tushunmovchiliklar hamda diniy guruhlar o’rtasida aloqa yo’qligi ixtilof davom etishiga hissa qo’shib kelmoqda. Frank Romano ikki elni bir-biriga yaqinlashtirishni ko’zlab, muloqotni yo’lga qo’ydi.

Turli e’tiqod vakillari bir davrada o’tirib tanovul qilishadi. Musiqa tinglab, turli mavzularda suhbat quradi, dardlashadi. Mafkura va diniy ta’limotlarni muhokama qilishdan ham qochmaymiz, deydi Romano.

“Muqaddas kitoblarni bir-biri bilan taqqoslab muhokama qilganimizda lol qolishadi. O’xshashliklar borasida nazariy jihatdan hamma qandaydir yuzaki bilimga ega, lekin kitobdagi yozuvlarni ko’rib tushunasizki, ayrim diniy yetakchilar va siyosatchilar da’vo qilganchalik tafovut mavjud emas. E’tiqodimiz ayri bo’lsa-da, Olloh bir”, - deydi faol.

29 yoshli falastinlik Mahmud Muna bu uchrashuvlarning doimiy qatnashchisi:

“Isroil bizni devor bilan ajratib qo’ygani sabab yahudiylar bilan na gaplasha olasiz, na bir davrada o’tira olasiz. Buni men jiddiy muammo deb bilaman, chunki bunday sharoitda odamlarni axborot vositalari orqali laqillatish oson”.

61 yoshli Rut Viktor Isroil fuqarosi. Kasbi o’qituvchi.

“Falastinliklar bilan urush maydonida emas, ana shunday muloqotlarda ko’rishishni istardim. Tinchlikdan umidni uzmayman, osoyishtalik bir kun albatta keladi”, - deydi u.

Dinlar-aro dialog loyihaning bir qismi, xolos. Frank Romano fikricha, ikki xalq orasida qo’shma loyihalar yo’lga qo’yilishi darkor.

“O’rtada to’siq barpo etish uchuh minglab daraxtlar nobul qilingan, ularni birgalikda qayta ekish, uylarni tiklash, maktablar ochish tashabbuslarini olg’a suryapmiz. Yana bir yo’li – hukumatlarga bosim o’tkazish, toki tinchlik tomon jiddiy qadam tashlansin”, - deya tushuntiradi amerikalik faol.

Frank Romano ta’biricha, elatlar bir-birini tushunib, o’xshash jihatlarini anglab, oradagi tafovutlarni hurmat qilishni o’rgansagina vaziyat o’zgarishi mumkin. Busiz Yaqin Sharqda tinchlikka umid qilish qiyin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG