Tinek shahri - Amerikada diniy bag'rikenglik namunasi

  • Amerika Ovozi

Musulmon hokim (o'ngda) va uning yahudiy o'rinbosari

Musulmon hokim (o'ngda) va uning yahudiy o'rinbosari

Amerika turli millat va din vakillariga vatan ekani ma'lum. Irqiy tenglik va diniy bag'rikenglik yo'lida ko'p ishlar qilinadi. Turli din vakillari o'rtasida muloqot kuchaygan.

Nyu-Jersi shtatidagi Tinek shahrida (Teaneck) esa bu siyosat shahar ma'muriyati misolida yaqqol ko'zga tashlanadi. Aholisi 40 ming atrofida bo'lgan bu maskan hokimi musulmon, uning o'rinbosari esa yahudiy.

Muhammad Zubayr Hamiduddin va Adam Gassen maktabdan beri qalin do'st.

"Bir maktabga borganmiz. Birga basketbol o'ynardik. Bolalar din yoki millatga uncha e'tibor berishmaydi. Dinimiz, millatimiz boshqa-boshqa bo'lishiga qaramasdan, qiziqishlarimiz bir xil edi", - deydi Adam Gassen.

Tinek meri Muhammad Hamiduddin shaharda 1981-yildan beri yashaydi.

"Adam bilan bir paytda uylanganmiz, bir paytda farzandli bo'ldik, har bir oilada bo'lgani kabi o'ziga yarasha qiyinchiliklarga yuz tutib, ulardan eson-omon chiqdik", - deydi hokim.

"Fikrimiz doim ham bir joydan chiqmasada, o'zaro hurmatimiz bor. Mahalliy yoki xalqaro miqyosdagi masalalarga turlicha qarasakda, do'stligimiz murosa qilishga yordam beradi", - deydi Gassen.

Muhammadning aytishicha, siyosatga uni yahudiy do'sti yetaklagan. Saylov kampaniyasida bir-birini qo'llab-quvvatlagan.

"Kampaniya oson kechmadi", - deydi Adam Gassen. "Yahudiy mahallalarga borib, "do'stim Muhammad uchun ovoz beringlar" deyish bilan ish bitmagan. Men uni yaxshi bilsam ham, unga ishonsam ham, boshqalarga "Muhammad" ismining o'zi kifoya u haqda o'zicha xulosa qilishi uchun", - deydi Gassen.

Muhammad ham musulmon saylovchilar bilan muloqotida deyarli ayni muammoga duch keladi. Oxir-oqibat Adamning shahar kengashidagi yahudiy do'stlari ularning nomzodlarini qo'llab-quvvatlaydi. Shaharda musulmonning hokim, o'rinbosarining esa yahudiy bo'lishi ancha-muncha odamni hayratga soldi.

Ayniqsa Muhammadning Tinekdek yahudiylar ko'p yashaydigan shaharda hokimlikka saylangani ko'p shov-shuvga sabab bo'ldi.

Mahalliy politsiya boshlig'ining aytishicha, ularning g'alabasiga hech kim ishonmagan.

"Ular saylanishi mumkin, deb hech ham pul tikkan bo'lmasdim", - deydi u.

Sinagoga vakili Sirbu deydiki, Tinekda odamlar irqi yoki diniga qarab ovoz bermaydi.

"Siyosatimiz Yaqin Sharqdagidan farq qiladi. Murosa qilishni bilamiz. Buni kengashning yahudiy vakillari ishonchini qozongan musulmon hokim misolida ko'rsak bo'ladi. Siyosatimiz jamoa ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilanadi. Maqsadimiz shaharliklar hayotini yaxshilash", - deydi Sirbu.

Tinek diniy bag'rikenglik borasida Amerikaning ko'p shaharlariga o'rnak bo'lishga arziydi. Bu yerda turli din vakillariga tegishli 40 qa yaqin ibodatxona bor.

"Jamoamiz xilma-xilligi bilan ajralib turadi va hamma kelib chiqishi va dinidan qat'iy nazar boshqalarni hurmat qiladi", - deydi hokim Muhammad Hamiduddin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG