Xalqaro tashkilotlar BMTni Qirg’izistonga qo’shin jo’natishga undamoqda

  • Amerika Ovozi

Qirg’iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva janubda to’polon va qirg’in boshlanganidan beri birinchi bor O’sh shahriga borgan. “Vayrona bo’lgan hududlarni qayta quramiz, odamlar uy-joylariga qayta olishi kerak”, - deydi u. “O’zbek va qirg’iz xalqi adovatni yengish uchun o’zida kuch, iroda, xohish topa oladi”, - deydi Otunbayeva.

Muvaqqat rahbar fikricha O’sh va Jaloloboddagi qirg’in 2 ming odamni hayotdan olib ketgan bo’lishi mumkin. Ko’plab jasadlar dafn etib bo’lingan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti taxminicha, Qirg’iziston va O’zbekistonda taxminan 1 million odam yordamga muhtoj – qochqinlar, uy-joyini tashlab chiqqan, biroq vatanda qolayotgan insonlar, ularni himoyaga olgan oilalar va hokazo. Ularga oziq-ovqat, suv, dori-darmon va ust-bosh kerak.

BMT Qirg’izistonga muntazam yordam tashish uchun havo qatnovini yo’lga qo’ymoqda. O’sh shahriga erta-indin 80 tonna mahsulot eltish ko’zlangan.

O’zbeklar Qirg’iziston armiyasini sustkashlikda, jinoyatni ko’ra turib qo’l qovushtirib turganlikda va hatto qotilliklarni amalga oshirishga yordam berganlikda ayblamoqda. Biroq Qirg’iziston harbiy arboblari, xususan, general Iskandar Ikromov bu ayblovni rad etmoqda.

Ayni paytda uyg’ur jamoasi millatchi guruhlar tahdidi ostida Bishkekni tark eta boshlagan. Qirg’iziston poytaxti va uning tevaragida taxminan 70 ming uyg’ur yashaydi. Aksariyati qo’shni Qozog’istonga bosh olib ketgan.

Qirg’izistonda tahsil olgan hindistonlik 21 talaba bugun vatanga qaytgan. Xitoy, Pokiston, Janubiy Koreya ham fuqarolarini evakuatsiya qilgan.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha diplomati Robert Bleyk O’zbekistonda, chegara yaqinida qochqinlar lagerlarini ko’zdan kechirar ekan, bu odamlar uy-uyiga sog’-omon qaytishi uchun nima zarur ekanini muhokama qilmoqda. “Chora ko’ramiz”, - deydi Bleyk, undan najot so’rab, “Vatanga qaytmoqchimiz, ammo qo’rqamiz”,- deb ko’z yosh to’kkan qochqinlar bilan suhbatda.

AQSh rasmiysi 400 ming odamni uy-joyidan ayirgan bu qirg’inni tergov qilishga da’vat etmoqda.

Bo’hronlarni o’rganuvchi xalqaro guruh dunyo hamjamiyatini Qirg’izistondagi tanazzulni hal qilishga chaqirmoqda. 100 ming odam chegarani kesib, yana 300 ming fuqaro uy-joyini tark etar ekan, vaziyat xalqaro tinchlik va barqarorlikka raxna solmoqda, deyiladi bu tashkilot bayonotida.

Mutaxassislar ta’biricha, Qirg’iziston xalqaro harbiy yordamga muhtoj. BMT Xavfsizlik Kengashi tinchlikparvar missiya safarbar etishi lozim. Tez va samarali harbiy chora ko’rish salohiyatiga ega davlatlar, xususan, Rossiya jonbozlik ko’rsatishi kerak.

Bu missiya gumanitar yordam tarqatiladigan hududlar xavfsizligini ta’minlaydi, qochqinlarning vatanga qaytishiga yordam beradi va tinchlik- totuvlik yo’lida xizmat qiladi, deyiladi tashkilot tavsiyanomasida.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti delegatsiyasi shu hafta O’sh va Jalolobodda bo’lib, odamlar bilan suhbatlashgan. Xulosa shuki, hukumat vaziyat nisbatan tinch desa-da, aslida aholi shafqatsiz kaltaklanib, tahqirlanmoqda, zo’ravonlik, jinsiy xo’rliklar hamon keng tarqalgan.

“O’shda zo’ravonliklar yana avj olishi mumkin”, - deydi bu tashkilot xodimi Ole Solvang. “Ayrim hollarda qizlar qayta-qayta zo’rlanayotganini bilamiz”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG