Yevropa Parlamenti Qirg'izistonda xalqaro tergov tezda boshlanishi kerak demoqda


Qirg’izistondagi qonli hodisalardan bir oy vaqt o’tdi. 10–14 iyun kunlari O’sh va Jalolobodda minglab odamni hayotdan olib ketgan qirg’in sabablari hanuz noma’lum qolmoqda.

Yevropa Parlamenti yaqinda Qirg’iziston bo’yicha rezolyutsiya qabul qildi. Unda Yevropa qonunchilari imkon qadar tezroq xalqaro tergov boshlash zarurligini qayd etadi.

“Parlament saylovlari oldidan mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun hukumat barcha etnik jamoalar bilan samimiy dialog boshlasin”, deyiladi hujjatda.

Qirg’iziston janubida o’tgan bir oy ichida ro’y bergan jinoyatlar haqida ma’lumot to’plashga harakat qilayotgan huquq faollari va jurnalistlar bosim ostida. O’zbek arboblari hamda oddiy fuqarolarni qamoqqa olish ishlari davom etmoqda

Qaltis vaziyat yangi to’polonlarga turtki berishi mumkin. Qirg’iziston Milliy Xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Dushebayevning aytishicha, mamlakat mutasaddilari buning oldini olishga hozir. Biroq kuzatuvchilar nazarida o’zbek aholiga nisbatan tazyiqlar kuchayayotgan bir mahalda barqarorlik haqida gapirishga hali erta.

Inqirozlarni o’rganish xalqaro guruhining O’shdagi vakili Pol Kvin Jajning xulosa qilishicha, xavfsizlik va militsiya xodimlari vaziyatdan shaxsiy va siyosiy maqsadlarda foydalanmoqda.

“Ular aholini tahqirlab, mol-mulkini talab ketayotgani, hibsga olinganlar ba’zida garov puli evaziga oilasiga qaytarilayotgani haqidagi ma’lumotlarning ko’pi rost", -deydi xalqaro tashkilot vakili. "O’zbeklar yashovchi mahallalarda qo’rquv hukmron. Hukumat tomonidan esa biror jiddiy chora ko’rilayotgani sezilmaydi”.

Huquq faollari, xorijiy hukumatlar, jumladan, AQSh va Yevropa parlamenti Qirg’iziston rahbariyatini xalqaro miqyosda mustaqil tekshiruvga yo’l berishga chaqirmoqda.

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleykning aytishicha:

“Janubdagi reydlarda asosan o’zbek aholisi nishonga olinayotgani sir emas. Bu ularning hukumatga bo’lgan ishonchini ham poymol etadi. Taftish xolis va haqqoniy bo’lishi uchun Qirg’izistonga xalqaro ekspertlar kiritilgani ma’qul. Ular voqealarga obyektiv baho bera oladi".

AQSh rasmiysi deydiki, muvaqqat hukumat tuzayotgan maxsus komissiya va xalqaro tergov bir-birini to’ldirishi kerak.

Human Rights Watch huquq tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, Otunbayeva ma’muriyati Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining parlament assambleyasidan xalqaro tekshiruvni boshlashda yordam so’ragan.

Komissiya tarkibi va a’zolarining malaka-mahorati unga bo’lgan ishonchni belgilaydi. Tekshiruv hay’atiga tergovchilar, sudmed-ekspertiza bo’yicha mutaxassislar va huquqshunos tayinlanishi shart, deydi huquq faollari.

O’zbekistondan qaytgan qochqinlarning ruhiy holatiga e’tibor qaratar ekan, “Tergovni kechiktirish haqiqatni ko’mish bilan barobardir”, deydi Inqirozlarni o’rganish xalqaro guruhi vakili Pol Kvin Jaj.

“O’sh va Jalolobodda sodir etilgan jinoyatlarning tagiga yetish imkoniyati hozir bor, keyin bo’lmasligi mumkin. Guvohlarni qo’rqitish, ashyoviy dalillarni yo’qotishga harakat bo’lmasidan oldin jarayonni boshlash kerak. Keyin kech bo’ladi. Bu masalaga jiddiy e’tibor bering”, - deydi mutaxassis.

XS
SM
MD
LG