Xalqaro tergov shu oy boshlanib, hisobot yil oxirida chiqishi kutilmoqda


Qirg’iziston janubidagi qirg’inni tergov qilishga bel bog’lagan xalqaro komissiyaga finlyandiyalik arbob Kimmo Kilyunen (Kiljunen) raislik qilmoqda.

Kilyunen Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlamentar Assambleyasining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili. Qirg’iziston janubiga politsiya-maslahat guruhini yuborish tashabbusi bilan chiqqanlardan biri.

Yaqinda u Bishkekda bo’lib, prezident Roza Otunbayeva va uning ma’muriyatidan “siz bilan ishlashga tayyormiz” degan va’da olgan.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda, Kimmo Kilyunen tergov yaqin kunlarda boshlanishini aytib, unda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, BMT va AQSh yaqindan hamkorlik qiladi dedi.

O’sh va Jalol-Obod viloyatlarining katta qismini vayronaga aylantirib, yuzlab ming aholini uy-joysiz qoldirgan, yoshu-qariga nisbatan qabih jinoyatlar amalga oshirilib, yuzlab insonlar hayotiga zomin bo’lgan fojiadan deyarli ikki oy o’tib ham, voqea sabablari, uning ortida kim turgani va aynan qancha kishi o’lgani haqida aniq ma’lumot beradigan manba yo’q.

O’zbeklar qirg’izlarni qatliomda ayblab, tazyiqlar bugun ham davom etayotganini aytadi.

Qirg’iziston hukumati 800 dan ortiq jinoiy ish ochgan va ularning aksariyatida o’zbeklar – ayblanuvchilar.

Dodini kimga aytishni bilmayotgan bu insonlarning yagona umidi tashqi dunyodan, xususan G’arbdan.

Yevropa hamjamiyati va Amerika ta’biricha adolat albatta qaror topadi. Buning uchun nima qilinmoqda?

Xalqaro tergov o’zi qachon boshlanadi?

Kimmo Kilyunen “yaqin orada” deb javob beradi.

"Komissiya endi tuzilmoqda. Har bir daqiqa g’animat ekanini bilamiz”,- deydi u. “Maqsad yil oxiriga borib, dunyo ahliga hisobot berish”.

Ayrim mutaxassislar fojiani tekshirish yillar vaqt olishi mumkin demoqda. Lekin Kilyunen fikricha qonli voqealar tafsiloti qanchalik tez qog'ozga tushirilib, tan olinsa, shuncha yaxshi. Odamlar nima yuz bergani haqida aniq tasavvurga ega bo'lishi kerak, deydi u.

Tergov ha’yatiga besh a’zo tayinlanishi kutilmoqda. Ular bilan 15-20 ekspert ishlaydi. Bu insonlarning hammasi chet eldan, tergovni quvvatlayotgan davlatlar vakillari. Mahalliy mutaxassislarni, xususan o’zbek yoki qirg’izlarni yollash ma’qul emas, deydi rais.

Tergov jarayoni qanday kechadi?

“Barcha tegishli shaxslar bilan gaplashamiz: markaziy va mahalliy rahbarlar, aholi vakillari, faollar, xavfsizlik xodimlari, ichki ishlar xodimlari, mojaro guvohlari, jabrlanuvchilar, kuzatuvchilar va hokazo. Ekspertlarimiz voqea sabablari, undan oldingi vaziyat va boshqa muhim jihatlarni tahlil qilib chiqadi”.

“Shuningdek, zo’ravonliklar xususida izlangan nohukumat tashkilotlar bilan ishlamoqchimiz. Qirg’iziston hukumati biz uchun barcha idoralar eshiklarini ochadi, tegishli hujjatlar bilan tanishish uchun imkoniyat yaratadi degan umiddamiz”,- deydi Kimmo Kilyunen.

”Bizni Qirg’iziston hukumatining o’zi taklif qilayaptimi, demak biz gaplashmoqchi bo’lgan har bir rahbar bilan savol-javob o’tkaza olishimiz kerak. Ichki ishlar boshqarmasi bo’ladimi, xavfsizlik organlari, mahalliy hokimiyat va boshqa idoralar”, - deya ta’kidlaydi arbob.

Tergovdan nima kutish mumkin? Adolat qaror topadi deyilganda nima nazarda tutilayapti? O'zbeklar nazarida qirg'in ortida hukumatning o'zi turibdi.

“Birinchi vazifa faktlarni yuzaga chiqarish”, - deydi xalqaro komissiya raisi.

“Haqiqatni aniqlash. Xunrezlikka yetaklagan sabablar juda ko’p ekanini bilamiz, ularni oydinlashtirish kerak. Etnik mojaro ortidagi omillar, odamlarni bir-biriga nisbatan qayragan shaxslar, jinoiy kuchlar, bularning hammasini qog’ozga tushiramiz. Ikkinchidan, qirg’in qanchalik siyosiy, ijtimoiy va jinoiy xarakterga ega bo’lganini ko’rib chiqish. Uchinchidan esa kelajakda bunday mojaroning oldini olish uchun nima qilmoq zarurligi haqida konkret tavsiyalar berish".

Bu bir tahlil bo'ladi, Qirg’iziston hukumati va xalqaro hamjamiyat bu hisobotga asoslangan holda chora ko’rishi kerak, deydi Kimmo Kilyunen.

“Xulosa albatta barcha tomonlarni rozi qilmaydi, ammo biz obyektiv va mukammal bir hisobot taqdim etamiz, toki fojia bilan bog’liq mish-mishlar, asossiz qarashlar kamaysin, barham topsin. Odamlar faktlarni bilsin. Mish-mish va vahima ichida yashash azob. Bu illatlar hukmron jamiyat tinch bo’lmaydi ”, - deydi komissiya raisi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG