Breaking News

London Olimpiadaga tayyor, 18 ming 200 askar safarbar etilmoqda


Politsiya va harbiy flot Temza daryosida Olimpiada xavfsizligini ta'minlaydi
Politsiya va harbiy flot Temza daryosida Olimpiada xavfsizligini ta'minlaydi
Londonda 27-iyuldan 12-avgustgacha bo’lib o’tadigan Olimpiya o’yinlariga tayyorgarlik avjida. So'nggi yillarda dunyo bo’ylab terror xurujlari ko’paygani sababli xavfsizlik ustuvor masala. Byudjetning katta qismi aynan shunga sarflanadi.

Britaniya rasmiylari kutilmagan vaziyatga tayyor bo’lish uchun barcha manbalardan foydalanmoqda, mablag’ni ayamayapti. Olimpiya parki atrofida havo hujumiga qarshi raketalar o’rnatiladi. 18 ming 200 askar safarbar etilgan. Temza daryosida harbiy kema va qayiqlar joylashtiriladi.

Xavfsizlikni ta’minlash uchun xususiy kompaniyani yollash kamlik qildi. Davlat rahbariyati armiyani jalb etishga qaror qildi. Xavfsizlik a’lo darajada bo’ladi, deydi rasmiylar.

Ekspert Deyvid Rubens esa boshqacha fikrda:

“Aslida yo’q, tayyorgarlik a’lo darajada emas, deyish kerak. Albatta, tashkilotchilar qo’lidan kelganicha harakat qilyapti, lekin kutilmagan o’zgarishlar ham yuz bermoqda. Xullas, oson bo’lmaydi”.

Olimpiadaning minglab qatnashchilari hamda millionlab sport shinavandalari xavfsizlik choralarining harbiy jihatidan bexabar bo’lishi mumkin. Ular xuddi aeroportda tekshiruvdan o’tgandek sezadi o’zini.

Xavfsizlik bo’yicha mutaxassislar ishni bundan bir necha oy oldin, Olimpiadaga tayyorgarlik ko’rilayotganda boshlagan. 200 gektarga teng hududni eng zamonaviy texnologiya yordamida tekshirib chiqish oson emas.

Olimpiadada xavfsizlik uchun mas’ul politsiya zobiti Kris Allison bajarilgan ishlardan mamnun:

“Hamma yoqda politsiyachilarni ko’rasiz. Lekin biz ishimizni boshqalarga halaqit bermay, imi-jimida bajarishimiz lozim. E’tibor sportchilar va tomoshabinlarda bo’lishi kerak, bizda emas”.

Musobaqalar nafaqat poytaxt, balki mamlakatning boshqa shaharlarida ham o’tkaziladi. Hamma joylarda xavfsizlkni ta’minlash zarur.

London Olimpiadasi tashkiliy qomitasi raisi Sebastyan Kouning aytishicha, hammasi joyida bo’ladi.



“Biz barchani Londonga kelib, mamlakat tarixidagi eng yirik sport anjumanida qatnashish, undan bahramand bo’lishga taklif etamiz. Bu qamaldagi shahar emas-ku axir! Kerakli choralar ko’rilgan. Lekin hammasi me’yori bilan”.

Tayyorgarlik va xavfsizlik choralarining qay darajada ko’rilgani endi Olimpiada boshlangach ma’lum bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG