Dunyo bo'ylab 44 million qochqin bor, 12 millioni bevatan

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi notinchlik minglab odamlarni uy-joyidan ayirgan

Suriyadagi notinchlik minglab odamlarni uy-joyidan ayirgan

Qochqinlar muammosini e’tiborsiz qoldirish dunyo tinchini buzadi. Urushlar tufayli uy-joyini tashlab chiqqan bu odamlar millionlarni tashkil etishi ayanchli. Amerikada asoslangan Xalqaro Qochqinlar Tashkiloti ular dardiga quloq tutib, jahon ahlini ogoh qilayotgan yetakchi guruhlardan. Har yili tashkilot bu yo’lda astoydil mehnat qilgan, jon kuydirgan odamlarni mukofotlaydi. Bu yilgi g’oliblar kimlar?

Afg'onistonda millionlab insonlar boshpanasiz, ichki qochqinlar

Afg'onistonda millionlab insonlar boshpanasiz, ichki qochqinlar

Bugun dunyoda 44 million qochqin bor. 12 million odam bevatan - fuqaroligi yo’q. Uy-joyidan bosh olib ketgan, sarson-sargardon yurishga majbur oilalar, bolalar…

Xalqaro Qochqinlar Tashkiloti hisob-kitobi bu. Guruh 30 yildan oshibdiki, bu muhtoj insonlar haqida ommani xabardor qilib, ularga yordam qo’lini cho’zishga undab keladi, qochqinlar masalasiga yechimlar taklif qiladi. Tashkilot Kolumbiya, Kosovo, Sudan, Liviya, Iroq, Afg’oniston ahli dardini yengil qilgan.

Tashkilot vakili Andrea Lari fikricha, jamiyat qochqinlar muammosiga boshqa nuqtayi nazar bilan qarashi kerak.

Kongo Demokratik Respublikasi

Kongo Demokratik Respublikasi

"Qochqinlarni dahmaza, ortiqcha yuk deb emas, katta bir zaxira deb ko’rsak bo’ladi. Yordamni ham ana shun yondashuv bilan amalga oshirishimiz darkor. Shunda ular o’zini kemtik his qilmaydi, boshpana bergan davlatga o’z xizmatini taklif qiladi”.

Bu yil tashkilotning asosiy, oliy mukofoti model, dizayner va huquq faoli Loren Bush Lorenga topshirildi. Loren Amerika sobiq prezidenti Jorj Bushning jiyani, moda olamida tanilgan libossoz Ralf Lorenning kelini. Besh yil oldin FEED nomli bir loyihani boshlagan edi. Maqsadi – ehtiyojmand kishilar qornini to’ydirish, ularning dardiga malham bo’lish.

Janubiy Sudan

Janubiy Sudan

"Jahonda salkam 60 million maktab bolasiga yegulik yetkaza oldik. Vitaminlarga boy, sifatli taom ulashdik. Masalan, biz yaratgan bitta sumka sotilgach, olingan daromad turli davlatlarda minglab qiz-o’g’illar uchun nonushta yoki tushlikka sarflanadi”,- deydi Loren Bush Loren.

Kongressmen Kris Smit va marhum qonunchi Donald Peyn tashkilotning alohida sovrini bilan siylandi, davlat arboblarining huquq bobidagi sa’y-harakatlari uchun. Smit qochqinlarga ko’proq yordam berishimiz kerak, deydi.

Birma

Birma

“Qochqinlar shaharchalarida oddiy oziq-ovqat, yog’ va boshqa kundalik mahsulotning keti uzilmasin. Shuni ta’minlab beraylik. Mojarolar va insoniyatga qarshi jinoyatlarni moylab turgan hukumatlarni javobgarlikka tortaylik, fuqarolar o’zini bexatar his qilsin. Qo’shma Shtatlar bu kurashda peshqadam bo’lishi shart. Bugun ham qo’l qovushtirib o’tirganimiz yo’q, lekin yaxshilikning ko’pi bo’lmaydi”,- deydi Peyn.

Xalqaro Qochqinlar Tashkilotining boshida turgan insonlar safida mashhur odamlar bor. Irodaniya qirolichasi Nur, Gollivud yulduzi Matt Dillon.

Livanda jon saqlayotgan qochqinlar

Livanda jon saqlayotgan qochqinlar

Aktyor Janubiy Sudanda xalq boshidan o’tgan qora kunlar haqida hikoya qiluvchi “Qon kechib” hujjatli filmi mualliflaridan. Dillon Iroq va Kongodagi qochqinlarga ham yordam qo’lini cho’zgan.

“Yo’qsillar eng qo’li ochiq odamlar ekani meni doimo lol qoldirib kelgan. Eng sahiy insonlar…”,- deydi Matt Dillon.

Xalqaro Qochqinlar Tashkilotining bildirishicha, bugun eng xarob manzillar Somali, Keniya, Kolumbiya, Kongo, Suriya, Pokiston va Afg’onistondir. Bu davlatlardagi beqarorlik qo’shnilardan ham aks-sado bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG