AQSh hisoboti: "Diniy erkinlik dunyo bo'ylab qadrini yo'qotgan"

  • Amerika Ovozi

“Din ahli yil sayin bosim oshib borayotganidan shikoyat qilmoqda. Bu masalada jahon orqaga qarab ketmoqda”.

“Din ahli yil sayin bosim oshib borayotganidan shikoyat qilmoqda. Bu masalada jahon orqaga qarab ketmoqda”.

AQSh Davlat departamenti Xalqaro diniy erkinlikka doir 2011-yilgi hisobotini chop etdi. Unda aytilishicha, qator hukumatlar fuqaroning erkin e’tiqod qilish huquqini cheklash va ezishda davom etmoqda.

“Turli oqimlarni xavfsizlikka tahdid deb bilish, kufrlik haqidagi qonunlar qabul qilib, muayyan guruhlarni siylash bugun odatiy hol”, deyiladi hujjatda.


Hisobotni AQSh Davlat departamenti e’lon qilib, unda insonning uzviy huquqlaridan biri haqida so’z boradi.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha:

“Diniy erkinlik haqida so’zlashimiz g’oyat muhim, chunki dunyoda bir milliarddan ziyod odam bemalol e’tiqod qilolmay, hukumatning tinimsiz bosimi ostida yashamoqda. Yangi texnologiyalar repressiv rahbarlar qo’lida odamlarni yer qilish vositasiga aylangan. Din ahli yil sayin bosim oshib borayotganidan shikoyat qilmoqda. Bu masalada jahon orqaga qarab ketmoqda”.

Hisobotda yozilishicha, ozchilik diniy guruhlar ko’pincha tazyiqqa uchraydi: Eronda bahay va sufiylar, Misrda xristianlar, Indoneziya va Pokistonda ahmadiylar, bir necha davlatda yahudiylar, musulmonlar va buddistlar.

Klintonning aytishicha, erkin e’tiqod qilish imkoni yo’q ekan, jamiyatda qo’rquv va shubha hissi kuchayadi. Bu esa taraqqiyot yo’lida to’siqdir.

“Diniy erkinlik faqat dinga taalluqli emas. Gap faqat katoliklar biror marosim o’tkaza olishi yoki musulmonlar yig’in qilishiga emas. Gap inson emin-erkin fikrlab, gurung qila olishida; davlat qarab turibdi ekan degan qo’rquvdan qutulishda”, - deydi Xillari Klinton.

Alohida xavotirga molik davlatlar sirasida bu yili ham Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Sudan va O’zbekiston turibdi. Xitoy hukumati, ayniqsa, Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida musulmon aholini siqib keladi.

Tibet muxtor viloyatida esa buddist monaxlar diniga erkin amal qila olmaydi. Rasmiy Pekin zug’umi bois o’tgan yili 12 tibetlik o’ziga o’t qo’ygan.

O’zbekistonda diniy guruhlar ro’yxatdan o’tishi shart. Litsenziya bo’lmasa, diniy materiallarni nashr etish, tarqatish mumkin emas. Aksariyat mayda oqimlar hukumatning qat’iy talablariga javob bera olmaydi.

Qonunlarni buzganlar ba’zi hollarda jarima to’lashga, hatto qamoq jazosini o’tashga majbur. Vaholanki, bosh qomus fuqarolarga erkin e'tiqod qilish huquqini beradi.

Rahbariyat davlat xavfsizligiga raxna soladi deb diniy faoliyatni cheklab keladi. Nazorat ostidagi masjidlardan chetda e’tiqod qilib, dinni muhokama qilganlar jazolanadi. Qonunga ko’ra, diniy guruhlar siyosiy partiya yoki harakatlar tuzishi mumkin emas.

Ro’yxatda Turkmaniston ham qayd etiladi. Hukumat ko’pincha tinch e’tiqod qilish va jinoiy yoki terrorchilik amaliyoti o’rtasida farqni ko’ra bilmaydi. Bir necha diniy guruhlar ro’yxatdan o’tolmay keladi.

Rahbariyat hatto rasman registratsiyadan o’tgan guruhlarga bemalol e’tiqod qilish, diniy adabiyot chop etib tarqatishga ham ruxsat bermaydi.

Xitoy matbuoti hujjatni tanqid qilib, teskari natijaga yetaklashi aniq, demoqda. Bu siyosiy richag bo’lib, uning yordamida Amerika o’z diniy qarashlarini targ’ib qilmoqda, deya norozi rasmiy Pekin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG