Qirg’izistonga xalqaro xavfsizlik kuchlarini kiritish hamon muhokamada

  • Amerika Ovozi

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkilotining tavsiya qilishicha, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Doimiy Kengashi Qirg’iziston janubiga xavfsizlikni ta’minlash uchun politsiyachilardan iborat missiyasini safarbar etishi kerak.

Huquq tashkilotiga ko’ra, kengash bu haqda o’tgan hafta muhokamani boshlagan, ammo biror to’xtamga kelmagan. Bugun mavzu muhokamasi davom ettiriladi.

“Human Rights Watch” tashkiloti direktori o’rinbosari Reychel Denberning aytishicha, referendumning zo’ravonliklarsiz o’tgani ijobiy hol, ammo bu bilan janubda vaziyat barqarorlashdi, deb o’ylamaslik kerak.

“Xalqaro politsiya kuchlarinining Qirg’izistonda bo’lishi oddiy fuqarolarni himoya qilib, barqarorlikka hissa qo’shadi”, – deydi Denber.

Qirg’iziston muvaqqat hukumati ham o’tgan haftadan beri politsiyachilarni yuborishni iltimos qilmoqda. Hozirda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti 120 nafar politsiyachidan iborat xavfsizlik kuchlarini safarbar etish masalasini muhokama qilmoqda. Biroq “Human Rights Watch”ning xavotir bildirishicha, politsiyachilar qurolsiz bo’lishi, mandati esa qayta tayyorgarlik va kuzatuvchilik bilan cheklanishi mumkin.

Reychel Denberning aytishicha, tashkilotning mazkur mojaroga javobi sust va yetarli darajada emas.
“Ikki millat vakillari o’rtasida darz ketgan ishonchni tiklash uchun xalqaro politsiya missiyasining hajmi kattaroq bo’lishi kerak. Ko’p o’ylashga vaqt yo’q”, – deydi “Human Rights Watch” vakili.

Guruh O’shdagi reydlar paytida militsiya va armiya jiddiy qonunbuzarliklar va zo’ravonliklarga qo’l urayotgani haqida ishonchli dalillarga ega ekanini aytadi.

“Bunday amaliyotlar paytida qonunga rioya qilish juda muhim. Aks holda ishonchni tiklash amri mahol”, – deydi Reychel Denber.

“Human Rights Watch” Qirg’iziston hukumatidan mahalliy huquq faollari ishiga halaqit bermaslikni ham so’raydi.
Inson huquqlari bo’yicha xalqaro federatsiya va Qiynoqlarga qarshi jahon tashkiloti muvaqqat rahbar Roza Otunbayevaga murojaat etib, huquq faollariga bosim o’tkazmaslikni so’ragan.

Jumladan, xatda “Fuqarolar korrupsiyaga qarshi” tashkiloti direktori Tolekan Ismoilova va “Qilim shami” inson huquqlari markazi rahbari Aziza Abdirasulovaning O’sh viloyat prokuraturasi tomonidan jinoiy ish bo’yicha guvoh sifatida so’roqqa tutilgani hamda “Havo” inson huquqlari tashkiloti direktori Azimjon Asqarovning 15-aprel kuni hibsga olinib, haligacha qo’yib yuborilmagani tilga olinadi.

“Bu faollar janubdagi xunrezlikka doir ma’lumotlarni to’plamoqda va ularning ishiga to’siq qo’yilmasligi kerak”, – deyiladi murojaatda.

So’nggi kunlarda O’zbekiston va Qirg’iziston janubida bo’lgan AQSh Davlat kotibining aholi, qochqinlar va migratsiya masalalari bo’yicha yordamchisi Erik Shvars bugun Bishkekka borib, rasmiylar bilan uchrashgan.

Muvaqqat rahbar muovini Azimbek Beknazarov, hukumat oldidagi dolzarb masala janubdagi barcha jabrdiydalarni uy bilan ta’minlash, degan. Erik Shvars esa, qayta qurishdan ko’ra, tomonlarni murosaga keltirish muhimroq vazifa, deb aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG