Qirg'iziston elchixonasida ayollar uchun konsert

  • Amerika Ovozi

Qirg'izistonning Vashingtondagi elchixonasida

Qirg'izistonning Vashingtondagi elchixonasida

Xotin-qizlar ayyomi, 8-martni hamma har xil nishonlaydi. Ba’zi jamiyatlar ayolning haq-huquqlarini kuylab ommaviy chiqishlar uyushtiradi, kengroq imkoniyatlar yaratish masalasini ko’taradi. Qirg’izistonning Vashingtondagi elchixonasi bu kun Bishkekdan yosh estrada yulduzlarini taklif qildi.


Qirg’iziston elchisi Muxtor Jumaliyevning uch qizi bor. Bayramni otadan qolgan an’anaga sodiq holda o’tkazdi.

“O’g’lim bilan erta turib bozor qilib keldik. Bir dunyo lolalar xarid qilib, kechga osh qilib berdik. Albatta, ayollarning haq-huquqlari muhim masala. Xotin-qizlar mamlakat hayotidagi qarorlarni qabul qilishda muhim rol o’ynashi lozim. Menimcha, Qirg’izistonda bugun ayollar ham siyosat, ham iqtisodiyotda faol ishtirok etayapti. Ular yuqori mansablarni egallab kelayapti. Oliy Sudni ayol kishi boshqaradi, bosh prokurorimiz ayol kishi. Parlamentda xotin-qizlar aktiv ishlayapti, ular uchun kvotalar ajratilganini bilasiz. Vazirliklarda xotin-qizlar uchun kvotalar bor. Sobiq rahbarimiz Roza Isoqovna Otunbayeva, bilasiz, mintaqada birinchi ayol prezident. U og’ir pallada yurtni boshqarishga qo’rqmadi, faxrlanamiz shunday rahbarimiz bo’lganidan”.

Xonanda Kanikey:

“Bu kun jo’ngina ayollar kuni deb nishonlanadi. Menimcha, ayol zotini nafaqat bu bayramda, balki har kuni eslab, ardoqlash lozim. Markaziy Osiyoda ro’zg’orni, ko’pincha, xotin-qizlar tortib keladi. Shunday ekan, birinchi navbatda ularga bilim tilayman, bilim olgan ayollar haqiqatan yetuk bo’ladi”.

Alisher Anvarov Amerikada uch yildan beri yashaydi, Missisipi kolleji bitiruvchisi:

“Ba’zilar nazarida ayol kishi jim yurishi kerak, faqat 8-martda gapirishga haqli. Yo’q, xotin-qizlar doimo fikrini erkin bayon qila olishi lozim. Ozginayu sozgina gapirishsa, undan yaxshi. Ayol kishini hurmat qilish, ehtiyot qilish lozim. Tenglik degan gap to’g’ri, biroq xotin-qizlar tabiatan nozik va ularni asrab-avaylash darkor”.

Djibek Amerika Universitetida xalqaro munosabatlar yo’nalishida o’qiydi.

“Qirg’izistonda ayollar huquqlari hurmat qilinadi. Har biri ta’lim olish, ishlash imkoniyatiga ega. Men Qo’shma Shtatlarda o’qiyotganim bunga misoli bo’la oladi nazarimda. Qirg’iziston elchisi, prezidenti ayol kishi bo’lgan. Albatta, Qirg’iziston parlamentida ayollar uchun kvotalar yetarli emas. Jokorgu Kenesda xotin-qizlar manfaatlarini himoya qila oladigan ayol deputatlar ko’payishini xohlardim. O’zim ham kelajakda yurtim siyosatida faol qatnashib, ayollar manfaatlarini muhofaza qilish niyatim bor”.

Xalqaro xotin-qizlar kuni boshida xalqaro ishchi xotin-qizlar kuni deb yuritilgan va tenglikni, xususan, ovoz berish huquqini kafolatlashni talab qilgan. Ayrim jamiyatlarda uning siyosiy tag mohiyati unutilib, bugun ayolga muhabbat, e’tibor ko’rsatish bilan cheklanib qolinadi. Boshqa yurtlarda 8-martning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy mazmuni aksincha kuchayib borayapti. Bu sana ilk bor 1911-yilda nishonlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG