Breaking News

Roza Otunbayeva AQShning "Jasoratli ayol" mukofoti sovrindorlaridan biri


AQSh Davlat departamentidagi taqdimot marosimida, 8 mart 2011
AQSh Davlat departamentidagi taqdimot marosimida, 8 mart 2011

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va prezident Barak Obamaning rafiqasi Mishel Obama bugun Vashingtonda "Jasoratli ayol" mukofotining bu yilgi sovrindorlarini tanishtirdi.

1. Roza Otunbayeva, Qirg'iziston prezidenti

2. Maria Bashir, Afg'onistonning Hirot viloyati prokurori

3. Nasta Palajanka, Belarus Yoshlar Fronti yetakchilaridan

4. Genriyetta Ekve Ebongo, Kamerunda so'z erkinligi uchun kurashgan jurnalist

5. Guo Jianmei, Xitoyda ayollarni huquqiy himoya qiluvchi tashkilot rahbari

6.Yoani Sanchez, Kubada yoshlar tashkiloti yetakchisi, blogger

7. Agnes Osztolikan, Vengriya parlamenti a'zosi, siyosatchi

8 . Eva Abu Halaviy, Iordaniyada tanilgan huquq himoyachilaridan

9. Marisela Morales Ibañez, Meksikada uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshida turgan arboblardan biri

10. Gulam Sug'ra, Pokistonda qishloq hayotini yaxshilash uchun kurashayotgan faol

Mukofotni taqdim etar ekan, Xillari Klinton bu ayollar turli jamiyat va muhitdan chiqqan shaxslar, ammo ularning barchasi uzoq yillardan beri vatan taraqqiyoti uchun baralla gapirib, ter to'kib, o'z hayotini xavf ostiga qo'yib, mardona kurashib kelayotgan insonlar, dedi.

Roza Otunbayevaning "Jasoratli ayol" deb tan olinayotgani, ayniqsa, O'zbekiston va Qirg'izistonda, xususan, o'zbeklar orasida taajjub va afsus bilan qarshilanmoqda.

Mintaqaning yaqin tarixida eng ayanchli iz qoldirgan, o'tgan yilning iyun oyida O'sh va Jalol-Obodni qon qaqshatgan qirg'in paytida Otunbayeva boshchiligidagi muvaqqat hukumat hech narsa qila olmagan, deydi Marfua To'xtaxo'jayeva, xotin-qizlar manfaati yo'lida ishlab kelayotgan o'zbekistonlik ekspertlardan biri.

"Shuncha o'zbeklar qirilib ketdi, lekin Otunbayeva bu fuqarolarni himoya qilmadi, ular yuzlashgan mudhishliklarga ko'z yumdi", - deydi u.

Mo'tabar Tojiboyeva, chapdan, 2009 yilda "Jasoratli ayol" mukofotiga sazovor bo'lgan edi
Mo'tabar Tojiboyeva, chapdan, 2009 yilda "Jasoratli ayol" mukofotiga sazovor bo'lgan edi

Norozilik shu qadar kuchliki, 2009 yilda AQShning bu mukofotiga sazovor bo'lgan Mo'tabar Tojiboyeva "Jasoratli ayol" medalini qaytarib berishga ahd qilgan.


"Men 2009 yilda Xillari Klinton va Mishel Obama xonimlaridan AQSh Davlat Departamentining "Jasoratli ayol" mukofotini olganimda, menga qo'shilib millatdoshlarimning ham boshi ko'kka yetgandi. O'shanda bu mukofot geopolitik manfaatlardan inson huquqi ustun ekanligining isboti sifatida qalblarda umid uyg'otgandi",- deydi u.

"Mukofotning topshirilishiga dunyoning turli burchaklaridagi millatdoshlarim diktatura ustidan qilingan g'alaba deb quvongan bo'lsalar, Islom Karimov va uning yugurdaklari talvasaga tushgan edi. Chunki bu mukofot jahon diktatorlari orasida yetakchilardan bo'lgan Karimov hukumati uchun zarba edi",- deydi Mo'tabar Tojiboyeva, O'zbekistonda 2005 yildagi Andijon voqealariga aloqadorlikda aybdor deb topilib, uch yil qamoqda o'tirib chiqqan huquq himoyachisi.

"Bugun esa mana shu nufuzli mukofot minglab o'zbeklarni xonavayron qilgan iyun qirg'ini paytida vaqtinchalik hukumatni boshqargan Qirg'iziston prezidenti Roza Otunbayevaga berilishi hanuzgacha Qirg'izistonda davom etayotgan millatchilik qurbonlari bo'layotgan o'zbek xalqiga nisbatan haqoratdek yangradi".

AQSh-Qirg'iziston muzokaralari, 2010, Nyu-York
AQSh-Qirg'iziston muzokaralari, 2010, Nyu-York

AQSh rasmiylari o'zbek huquq faolining bu qaroridan afsusda.

Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Robert Bleyk Mo'tabar Tojiboyevaga nisbatan hurmat baland ekanini aytadi.

Lekin, deydi u, "Roza Otunbayeva bu mukofotga loyiq ekaniga ishonchimiz komil".

Xillari Klinton bu pozitsiyani taqdimot marosimida shunday shunday izohladi:

"Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin vatanida avtoritar tuzumlar ildiz otmasligi uchun kurashgan Roza Otunbayeva - Markaziy Osiyoda birinchi ayol rahbar... Erkaklar hukmron jamiyatlarda bunday yutuqqa erishish nafaqat ilm va zakovot balki kuchli jasorat ham talab qiladi",- deydi u.

"Roza Otunbayeva parokanda, korrupsiyaga botgan va regionalizm iskanjasida va nochor iqtisodiy ahvolda yashayotgan mamlakatda boshqaruvni qo'lga olib, muvaqqat hukumat tuzib, bu jamiyatni parchalanib ketishdan asrab qolgan ayoldir".

Klinton xonim nazarida 2010 yilda qirg'in ketidan adolatli referendum o'tib, Qirg'iziston demokratik yo'lda davom etayotgani Roza Otunbayeva mehnati mahsulidir.

"Biz shu paytgacha biror davlat rahbariga bunday mukofot bermaganmiz, ammo Otunbayeva demokratiya nima ekanini tushunadigan, vaqti kelib prezidentlik o'rnini yangi rahbarlarga bo'shatishga tayyor, vatani kelajagi uchun qayg'urib yashayotgan bir lider",- deydi Xillari Klinton.

Lekin Otunbayeva janub aholisi, xususan, o'zbek fuqarolari xavfsizligini ko'zlab nima qildi?

"Hozir janubda ichki ishlar va qonun-tartibot idoralari ishini qayta ko’rib chiqayapmiz. Militsiya malakasini oshirish kerak va ularni almashtirib turishni yo’lga qo’ydik, ya’ni militsionerlar shimoldan boradi. Ichki ishlar va xavfsizlik kuchlari safini jinoiy elementlardan tozalash kerak. Janubda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirayapmiz. Yana bir chora bu - elatlararo hamjihatlikni ta'minlash uchun yangi dastur ishlab chiqilgan. Buni amalga oshira boshladik. Qilinadigan ishlar ko’p, buni tan olamiz",- deya javob qiladi Otunbayeva.

Qirg'izistonlik o'zbek olimi Alisher Hamidov fikricha, mukofot Otunbayevaga "rahmat va xayr" qabilida berilmoqda, ya'ni Amerika uning prezidentligi poyoniga yetayotganini hisobga olib, uni shu paytgacha qilgan barcha ezgu ishlari uchun taqdirlamoqda.

Roza Otunbayeva va Xillari Klinton Davlat departamentidagi muzokara ketidan, 8 mart 2011
Roza Otunbayeva va Xillari Klinton Davlat departamentidagi muzokara ketidan, 8 mart 2011

Bishkekda va Vashingtonda yangrayotgan yana bir qarash shuki, Otunbayevani mukofotlab, Amerika Markaziy Osiyo xotin-qizlarini rag'batlantirmoqchi.

Sovrinni qabul qilar ekan, Otunbayeva uni butun Qirg'iziston xalqi, ayniqsa, xotin-qizlari va mintaqa ayollariga bag'ishlashini aytdi.

"O'lkamizda bunday oliy mukofotga munosib, o'tyurak va mehnatkash ayollar serob. Bu mukofot bilan ular ham tan olinmoqda",- deydi u.

Qirg'iziston prezidenti kecha Oq Uyda bo'lib, Barak Obama bilan uchrashgan. Shuningdek, Kongressga tashrif buyurib, Senat a'zolari bilan ko'rishgan.

Bugun taqdimot marosimi ketidan Otunbayeva va Klinton Davlat departamentida muzokaralar olib borgan. "Amerika bilan aloqalar zaminini mustahkamlash kerak", - Qirg'iziston rahbari.

Vashingtonda ilm va siyosat ahli oldida qilgan nutqida, Roza Otunbayeva AQSh-Qirg'iziston aloqalari o'tgan yillarda, ya'ni Kurmanbek Bakiyev prezidentlik davrida siyosiy nayrang va o'yinlar qurboni bo'ldi dedi.

AQSh tasarrufidagi Manas tranzit markazi bilan bog'liq kelishuvlar oshkora amalga oshiriladi va hamkorlik ko'lamini kengaytirish kerak, deydi u.

Otunbayeva Vashingtondan iqtisodiy va siyosiy madad, qolaversa, fuqaro jamiyatini rivojlantirish yo'lida yordamni oshirishni so'ragan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG