Breaking News

Internet rivojlanmoqda, lekin uni cheklayotgan davlatlar ko'p


“Ozodlik uyi” chiqargan yangi hisobotga ko’ra, dunyoda internet erkinligi o’tgan bir yil davomida yanada cheklangan.

Tashkilot taqdim etgan ma’lumotga ko’ra, o’tgan yili bir qator mamlakatlarda internetni nazorat qiluvchi qonunlar qabul qilingan hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida hibsga olinish holatlari ko’paygan.

Tarmoqdagi ozodlik-2013” deya nomlangan hisobotda 60 mamlakatdagi holat o’rganilgan. Vaziyatni baholashda internetga ulanish erkinligi, saytlarga qo’yilgan to’siqlar hamda foydalanuvchilarning huquqlari qanchalik himoyalangani tahlil qilingan.

Loyiha rahbari Sanja Kellining aytishicha, hukumatlar internet foydalanuvchilari ustidan nazoratni kuchaytirib, “to’g’ri yo’ldan og’gan”larni jazolashga urinmoqda.

O’rganilgan mamlakatlarning yarmidan ko’pi internet foydalanuvchilarini kuzatish uchun texnik va huquqiy asoslarni kuchaytirish yo’lidan borgan. Ularning aksariyati bu borada maxsus qonunlar qabul qilgan.

Xalqaro hisobotdan o’rin olgan O’zbekiston bu yil ham erkinlik bag'oyat cheklangan davlatlar qatorida. Mamlakatda internet erkinligi 2012-yilga qaraganda yana bir pog’ona pasaygani qayd etilgan.

Internet eng ko’p bo’g’ilgan davlatlar beshligi - Eron, Kuba, Xitoy, Suriya va Efiopiya.

Internet eng erkin mamlakatlar esa, tartib bilan, Islandiya, Estoniya, Germaniya, AQSh va Avstraliya.

Vashingtonning internetda olib borgan maxfiy kuzatuv dasturi Edvard Snouden tomonidan fosh etilgach, AQSh eng ozod mamlakatlar ro’yxatidagi yetakchilikni qo’ldan boy berdi.

Hisobotda erkinlikka qo’yilgan cheklov turlari haqida ham ma’lumot yig’ilgan. Bular saytlarni bloklashdan tortib, foydalanuvchilarga jismoniy zug’um o’tkazishgacha bo’lgan turli tazyiq choralarini tashkil etadi.

“Ozodlik uyi” hisobotiga ko’ra, 26 davlatda internetda faol huquq himoyachilari hujumga uchragan, kaltaklangan yoki qiynoqqa solingan.

Suriyada internetni butunlay uzib qo’yish holatlari kuzatilgan. Xitoy, Hindiston va Venesuelaning ayrim qismlariga ham internetga ulanish imkoni yo’qligi aytiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG