Internet - adovat urug'ini sochishda qudratli qurol

  • Amerika Ovozi

Ayrim guruhlar internet orqali adovat urug'ini sochmoqda. Ularni kuzatayotgan yahudiy tashkilotiga ko'ra, bunday guruhlarning ta'siri kuchaymoqda. Barchasining da'vatlari har xil bo'lsa-da, usullari ayni.

O'tgan hafta Tunisda yosh bir fuqaro kurortga kirib, salkam 40 sayyohni o'ldirdi, Quvaytda esa shia masjidida suiqasd xurujida 27 odam nobud bo'ldi. Yanvar oyida Parijda "Sharli Ebdo" satirik jurnaliga jangarilar kirib, 12 kishini otib o'ldirdi.

Internetdagi adovat guruhlarini kuzatuvchi Vayzental markazidan yahudiy ruhoniysi Abraham Kuperning aytishicha, xuruj ortida turganlar internet va o'zlariga qarashli ijtimoiy sahifalarda qonli voqealarni nishonlashadi.

“Ular internetdan, eng so'nggi texnologiyalardan mohirlik bilan foydalanishmoqda, shu orqali o'z g'oyalarini tarqatishmoqda, aholining muayyan qatlamlari bilan bog'lanishmoqda”, - deydi ravvin.

Abraham Kuperga ko'ra, "Islomiy davlat" kabi guruhlar tashviqot va odam yollashni ustalik bilan yo'lga qo'ygan. Ular hatto ijtimoiy sahifalarda odamlarni janglarda ishtirok etayotgan jangarilar bilan tanishtirmoqda.

Internetdan Amerikadagi adovat guruhlari ham foydalanmoqda. Janubiy Karolina shtatidagi cherkovda to'qqiz qora tanli fuqaroni otib o'ldirganlikda ayblanayotgan Dilan Ruf ham irqchilar mafkurasiga internet orqali berilgani ma'lum.

Ilgari taqirbosh neonatsistlar safida faol bo'lgan Tim Zaal endi Vayzental markazida ishlaydi. Uning aytishicha, bugungi ekstremistlarning dushmanlari deyarli bir xil.

“Sionizm, zolim yahudiylar, AQSh hukumati, yirik korporatsiyalar”, - deydi u.

Tim taqirbosh do'stlari bilan mahalliy bog'da uchrashar edi, endi esa, deydi u, ekstremistlar internet orqali aloqa qiladi.

“Siz Janubiy Dakotaning qoq markazida turib ham jangarilarning mafkurasi, tashviqoti bilan tanishishingiz mumkin”, - deydi Tim Zaal.

Ravvin Kuperning aytishicha, internetda g'oya tez tarqaladi.

“Bu g'oyani qabul qilganlar o'zini kuchli, yolg'iz emas, jamoaning bir a'zosi deb his qiladi”, - deydi ruhoniy.

Tashkilot xodimi Tim Zaalning aytishicha, ekstremistlar adovat chaqiriqlariga quloq soladi, xolos, ammo masalaning boshqa tomoniga ham diqqat qaratishi zarur.

“Men va menga o'xshab o'tmishda zo'ravonlikka qo'l urgan odamlar ekstremistlar mafkurasiga qarshi mafkurani olg'a surmoqda, odamlarga tushuntirmoqda", - deydi Tim.

Vayzental markazidan ravvin Kuper fikricha, internetdagi ijtimoiy sahifalar ham nafratga qaratilgan da'vatlarga qarshi kurashishi lozim, ularni tarqatayotgan odamlarga sahifada joy bermaslik kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG