AQSh mahbuslarni qiynaganmi - yangi hisobot oydinlik kiritadi

  • Amerika Ovozi

AQSh rasmiylari Markaziy razvedka boshqarmasining so’roq qilish usullariga doir hisobot chop etilsa, dunyo bo’ylab Amerika manfaatlariga zarar yetishidan xavotirda.

Hujjat seshanba kuni e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu 2001-yil 11-sentabr xurujlaridan so’ng terrorchilikda gumon qilingan odamlarning qiynoq usullari orqali so’roqqa tutilishiga bog'liq ilk ochiq hujjatdir.

480 sahifadan iborat hisobotda mahbusni uyqudan ayirish, suvga cho’ktirish kabi haddan tashqari usullar ta’riflanadi. Ma’lumotlarga ko’ra, Markaziy razvedka boshqarmasi agentlari bunday yo’l bilan xorijdagi maxfiy qamoqxonalarda saqlangan mahbuslarni so’roqqa tutgan.

Respublikachi qonunchi Mayk Rojers va boshqarma sobiq direktori Maykl Xeydenning ogohlantirishicha, hujjat jamoatchilikka oshkor etilsa, xorijda AQSh fuqarolari va inshootlari hujumga uchrashi mumkin.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri nazarida ham hisobotni aynan hozir e’lon qilish to’g’ri emas, chunki dunyoning ayrim joylarida amerikaliklar garovga olingan va ular bundan jabr ko’radi.

Hujjat bilan tanishib chiqqan rasmiylarga ko’ra, undan razvedka xodimlarining qonunchilar va Oq uyga bunday so’roq usullarining samarasi haqida noto’g’ri ma’lumot bergani ayon.

Biroq Xeyden bu ishga yolg’on aralashganini inkor etadi. Unga ko’ra, hujjat chop etilsa, bungacha AQSh bilan terrorga qarshi urushda hamkorlik qilgan davlatlar kelajakda fikrini o’zgartirishi mumkin.

Senat Razvedka qo’mitasi raisasi Dayan Feynshteyn nazarida esa bu bilan kelajakda mahbuslarning qiynoqqa solinishiga chek qo’ysa bo’ladi.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkilotining bildirishicha, AQSh hukumatining xalqaro qonuniy majburiyatlari inson huquqlarining poymol etilish hollari, qiynoqqa solish kabi g’ayriqonuniy amaliyotlar haqida jamoatchilikni xabardor qilishni taqozo etadi.

Prezident Barak Obama Amerika qiynoqlarga qo’l urganini yaqin o’tmishda tan olgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG