AQSh: Markaziy Osiyo Ukrainadagi vaziyatdan xavotirda ekanini bilamiz


AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovinlaridan biri Richard Xouglend (Hoagland) "Amerika Ovozi" jurnalisti Navbahor Imamova bilan suhbatda, 7-mart, 2014

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovinlaridan biri Richard Xouglend (Hoagland) "Amerika Ovozi" jurnalisti Navbahor Imamova bilan suhbatda, 7-mart, 2014

Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi qo’shinlarini yil oxirigacha olib chiqish harakatida ekan, Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat qayta ko’rib chiqilmoqda. Davlat departamentida mintaqa bilan aloqalarga mas’ul yuqori lavozimli diplomatlardan biri Richard Xouglend (Richard Hoagland) Qozog’iston, Tojikiston va Turkmanistonda elchilik qilgan. Uning aytishicha, Afg’onistondan chiqish Markaziy Osiyoni tark etish degani emas.



Diplomat bilan yuzma-yuz suhbat (VIDEO)

  • Yaqinda Tojikiston va O’zbekistonda bo’ldingiz. Dushanbeda prezident Emomali Rahmon, Toshkentda esa Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muloqot qildingiz. Asosan nimani gaplashdingiz?

Xouglend: Bu hukumatlarga aytgan gapim shu bo’ldiki, AQSh Afg’onistondagi harbiy amaliyotlarni tugatib chiqib ketgach, mintaqa bilan qiziqmay qo’yadi degan gaplar safsata. Rossiya axborot vositalarining ta’siri ostida bu borada turli uydirma gaplar yuradi, Qo’shma Shtatlar mintaqani unutadi degan. Biz ketmayapmiz. Aksincha, hamkorlikni har sohada kengaytirish harakatidamiz.

  • Ukraina jahon diqqat markazida. Markaziy Osiyo ahli ham bu yurtdagi voqealarni kuzatib turibdi, o’ziga xos xavotir bilan. Mintaqada ruslar, rus tilida gaplashuvchi elatlar ko’p, ayniqsa Qozog’istonda ular aholining deyarli 40 foizini tashkil etadi. Rossiya qo’yayotgan qadamlar odamlarni hushyor torttirgan. Amerika ularga nima degan bo’lardi?

Xouglend: 20 yildan oshibdiki bizning pozitsiyamiz o’zgarmay keladi – biz Markaziy Osiyodagi mustaqil davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilamiz va quvvatlaymiz. Ukrainada, xususan Qrimdagi voqealar sabab bu masala yanada dolzarblashgan. Rossiya propagandasiga qaramasdan, mintaqa ahli haqiqatni biladi degan umiddaman. Hukumatlar vaziyatni yaqindan kuzatayotanini bilaman. Rossiya bilan yaqin rishtalarga ega ekan, davlatlar yetti o’lchab bir kesishga majbur. Buni bilamiz. Lekin ular ogoh, chunki gap suverenitet va hududiy yaxlitlik haqida ketmoqda.

  • Siz Qozog’iston va Tojikistonda elchilik qilgansiz, Turkmanistondagi elchixonani boshqargansiz. O’zbekistondagi elchixonada ham ishlagansiz. Markaziy Osiyodagi siyosiy masalalar bilan yaqindan tanishsiz. Mintaqadagi siyosiy dinamikani tushunasiz. O’zbekistonda rahbar o’zgarishi mumkin. Yil oxirida parlament saylovlari, kelasi yil boshida esa prezident saylovlari o’tishi kutilmoqda. Prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova va Milliy Xavfsizlik Xizmati orasidagi mojarolardan xabardorsiz. Mana shunday qaltis davrda Amerika O’zbekistonga qanday yordam bera oladi? Ekspertlardan bu haqda so’rasak, AQSh xalq dardiga quloq tutishi kerak, deyishayapti. Qanchalik quloq tutayapsiz?

Xouglend: Avvalo, shuni aytamanki, diplomat boshqa yurtning ichki masalalari haqida ochiq gapirmaydi. Bilamiz, kuzatamiz, bu mamlakatdagi hamkasblarimiz bilan gaplashamiz, lekin fikrimizni ochiq aytmaymiz. Ishimiz shu. Lekin siz muhim mavzuni ko’tardingiz va yuqorida berilgan javob to’g’ri – Amerika bu xalq bilan yaqindan bog’lanishi kerak. Biz shunga harakat qilayapmiz. Nafaqat ta’lim va madaniy almashinuv dasturlari orqali balki ijtimoiy tarmoqlarda ham faolmiz. Qilinadigan ishlar oldinda juda ko’p va biz e’tiborimizni shunga qaratish maqsadidamiz.

  • Sizga o’xshagan diplomatlar Toshkent yoki boshqa poytaxt shaharga boradi, muzokara qilib, rasmiy bayonotlar bilan cheklanadi, oddiy odamlar hayoti ularga bir pul degan gapga nima deysiz?

Xouglend: Bu fikrga qo’shilmaymiz. Bilasiz, uchrashuvlar uchun vaqt yetmaydi, ishimiz tig’iz. Lekin men o’zim safar qilganimda jamoatchilik bilan alohida uchrashuv belgilayman. Masalan bu safar Tojikistonda Amerika burchagiga bordim. Talabalar bilan ochiq, qizg’in davra suhbati qildik. Diplomatlarimiz rasmiy uchrashuvlardan tashqarida ham muloqotlar olib borishga harakat qiladi. Bu juda, juda muhim.

  • Amerika Afg’onistonni tark etarkan, uning Markaziy Osiyodagi roli ham pasayishi mumkin. O’zi Vashingtonning regionga qiziqishi Afg’oniston sabab oshgan edi, endi yana susayadi degan gaplarga qanday javob berasiz?

Xouglend: Kelasi uch yil uchun reja ustida ishlayapmiz, ya’ni Obama prezidentligining oxirigacha bo’lgan davr… Keskin o’zgarishlar bo’lmaydi. 20 yildan oshibdiki, siyosatimiz zamini o’zgarmagan – AQSh bu davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlagan holda ular bilan serqirra hamkorlik tarafdori. Demokratiya, inson huquqlari va fuqaro jamiyatini rivojlantirishda o’z hissamizni qo’shishni istaymiz. Iqtisod va savdo – bular ham juda muhim. Xavfsizlik bobida – qoradori savdosiga qarshi kurash, jinoyatchilik va terrorizmga qarshi birga ishlash – bu ham juda muhim. Bu murakkab sohalarda ham hukumat, ham xalq bilan ishlashni xohlaymiz.

  • Yaqinda “Politico” siyosiy nashri “Amerikaning 25 nobop hamkori” degan ro’yxat chiqardi. O’zbekiston unda korrupsiya o’chog’i deya tanqid qilinsa, Tojikiston “narko-davlat” deya ta’riflanadi. Ko’rdingizmi? Nima deysiz?

Xouglend: Ha, ko’rdim! Ba’zida jurnalistika provokatsion materiallar berib diqqatni tortadi, masalani muhokama qiladi. Bu maqolada aytilgan hamma narsaga qo’shilmayman. Qaysidir jihatdan haqiqat yoritilgan, qaysidir jihatdan esa yo’q. U yerda tilga olingan davlatlarning ko’pida ishlaganman… Real hayot juda murakkab va uning barcha jihatlarini bir maqolaga sig’dira olmaysiz.

  • Tinimsiz yangraydigan tanqidlardan biri shuki, Amerika Markaziy Osiyoni tushunmaydi. Undan o’z manfaatlari yo’lida foydalanadi, ammo uning ravnaqini ko’zlamaydi, deyishadi. Nima deysiz bunga? Aminmanki, bu borada ko’p eshitgansiz.

Xouglend: Savolingizda jon bor. O’tgan qariyb 13 yildan beri mintaqaga nisbatan siyosatimizda Afg’oniston muhim rol o’ynagani rost. Bu tarixiy fakt. Biroq undan oldingi 10 yilda ham Amerika mintaqada faol bo’lgan. Davlatlar mustaqilligini biz birinchilardan bo’lib tan olganmiz. Diplomatik aloqa o’rnatib, elchixona ochib, hamkorlikka kirishganmiz. Shu bois ishonch bilan aytamanki, kelasi yillarda ham mintaqani tashlab qo’ymaymiz. Rishtalarni mustahkamlashda davom etamiz.

  • Davlat departamenti mintaqaviy integratsiyaga urg’u bermoqda. Mintaqani bu yo’lga qanday boshlash mumkin?

Xouglend: Tojikiston va O’zbekistonga borganimda bu haqda gaplashdik. AQSh Yangi Ipak Yo’li degan tashabbus bilan chiqqan, bilasiz. Markaziy va Janubiy Osiyoni savdo va infrastruktura orqali bog’lash. Shu maqsadda CASA 1000 degan loyihani ishga tushirish niyatidamiz. Unda Qirg’iziston va Tojikistonning yozda ishlab chiqargan elektr tokining ortiqchasi Pokistonga yetkaziladi. Bu barchaga foyda.

  • Sarmoya qayerdan keladi, mablag’ bu loyihani amalga oshirish uchun?

Xouglend: Xalqaro donor va banklardan… Osiyo Taraqqiyot Banki, Islomiy Taraqqiyot Banki va Quvayt Boylik Jamg’armasi qiziqish bildirmoqda. Amerika uni boshlash uchun 15 million dollar beradi. Loyiha oydinlashgan sari mablag’ bo’ladi degan fikrdamiz.

  • Davlatlar nima qila oladi bu tashabbus olg’a siljishi uchun?

Xouglend: Tojikiston va Qirg’iziston mahsulot bahosi ustida bosh qotirmoqda. Pokiston ko’tara oladigan narx so’rashi kerak. O’zbekistondan bu borada juda ijobiy javob oldik. Tashqi ishlar vaziri Komilov dediki, O’zbekiston bu proyektni unchalik yoqlamasa-da, unga qarshi emas. Mintaqaviy birdamlik bobida bu ijobiy qadam. Biz buni yuqori baholaymiz.

  • Janob Xouglend, suhbat uchun rahmat!

Xouglend: Juda maroq bilan gaplashdik, muloqot uchun sizga ham rahmat!


  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG