AQShda izlanayotgan bibliograf Akram Habibullayev bilan suhbat


O’zbekistonda har ikki yilda bir marta kutubxonashunoslarning xalqaro konferensiyasi o’tkaziladi. Akram Habibullayev yaqinda ana shu anjumanda bo'lib qaytdi.

O’zbekistonda har ikki yilda bir marta kutubxonashunoslarning xalqaro konferensiyasi o’tkaziladi. Akram Habibullayev yaqinda ana shu anjumanda bo'lib qaytdi.

Yaqinda O’zbekistonda bo’lib qaytgan olim, Indiana Universitetining kutubxonachisi Akram Habibullayevning aytishicha, respublikada kutubxonalar qayta ta’mirdan chiqayapti, sifatli ilmiy, ommabop va badiiy asarlar bosilyapti.

Shu bilan birga kitoblar elektron olamga o’tar ekan, axborot oqimiga yo’l ochib berish, nazoratni tugatish kerak, deydi professor Habibullayev “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.


U Indiana Universitetida sharqshunoslik, arabshunoslik, islomshunoslik va Markaziy Osiyo bo’yicha bibliograf-kutubxonachi. Toshkent Davlat Universitetining Sharq fakulteti arab bo’limida o’qigan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Beruniy nomidagi Sharqshunoslik Institutida ishlagan.

Toskent Davlat Sharqshunoslik Institutida arab tili, manbashunoslik kabi fanlardan dars bergan. 2001-yildan beri Qo’shma Shtatlarda izlanadi. 2001-2002-yilda Prinston Universitetida ilm qildi. 2004-2007-yillar Chikago Universiteti kutubxonasida xizmat qildi. 2007-yildan beri Indiana Universitetida dars beradi.

“Dunyo kezish, bilim izlashga yo’l ochib bergan – qiziquvchan ekanim”, - deydi u. Ingliz tilini o’rgangani ham juda qo’l keldi. “Doimiy izlanib, qiziqib yuramiz, shuning uchun hamdir”, - deydi Habibullayev.

Olim AQShning “Fulbright” dasturida qatnashgan, Angliyaning Oksford Universiteti stipendiati bo’lgan.

“Amerika Ovozi”:
Sizning kasbingiz “librarian” – kutubxonachi. O’zbekistonda va Amerikada bu tushuncha o’rtasida farq qanday?

Akram Habibullayev: Tushuncha nuqtai nazaridan farq yo’q. Kutubxonachi – kutubxonachi. Har bir oliy o’quv yurtlarida, har bir akademik dargohlarda o’zining kutubxonasi va kutubxonachilari bor. Amerikada kutubxonachiga professor maqomi ham beriladi, ya’ni ular ham kutubxonada xizmat qiladi, ham ilmiy tadqiqot ham olib borishadi. Professor bilan teng turadi ular. Nimagadir O’zbekistonda yoki Yevropa davlatlarida unchalik emas. Xizmat ko’rsatadigan doiradagi ishchilar sifatida qaraladi ularga. Biz dars beramiz, lekin baho qo’yadigan dars emas. Seminarlar o’tkazib turamiz.

“Amerika Ovozi”: Nima sababdan aynan shu sohani tanlagansiz? Nimadir turtki bergan bo’lishi kerak-ku?

Akram Habibullayev: To’g’risi mening bolaligim sovet davriga to’g’ri kelgan. 1970-yillar, u paytda ateizm juda kuchli edi. Lekin bobom o’sha paytda ham masjidda imom edilar. U odam qori, hofiz bo’lganlar. Qur’onni yoddan bilganlar. Ilmli odam edilar. O’sha odam maxfiy tarzda menga arab alifbosini, Qur’onni o’rgatganlar. Faqat hech kimga aytmagin deb ta’kidlagan edilar. Arab alifbosi va kiril alifbosini birga o’rgandim. Keyin Toshkent Davlat Universitetining sharshunoslik fakultetiga kirdim, arab tilini o’rganish uchun. Shundan boshlangan.

“Amerika Ovozi”: O’zbekistonga safaringiz haqida batafsilroq to’xtalsangiz. Nima uchun bordingiz? Kimlar bilan ko’rishdingiz?

Akram Habibullayev: O’zbekistonga ko’p borib turaman. O’zbekistonda har ikki yilda bir marta kutubxonashunoslarning xalqaro konferensiyasi o’tkaziladi. Bu galgisi yettinchisi bo’ldi. Bundan oldingisiga borolmagan edim 2010-yilda. 2008-yilda Farg’onada bo’lgan edi, unda qatnashdim. Hamkasblar bilan ko’rishdik, ma’ruza qildim.

“Amerika Ovozi”:
O’zbekistonga safar qilgan va kutubxonalar bilan tanishgan amerikalik mutaxassislarning aytishicha, O’zbekistondagi kadrlar malakali, fidoiy insonlardan. Hatto yosh kadrlar ham sohaga kirib kelayapti. Lekin moliya, mutaxassislarni o’qitish jihatidan tizim oqsaydi, deydi ular. Shu fikrga nima deysiz?

Akram Habibullayev: Qo’shilaman bir tomondan. Sovet ta’lim tizimi juda yuqori darajadagi tizim edi. To’g’ri, u yerda majburiy narsalar ham o’qitilar edi, masalan, ilmiy kommunizm, KPSS tarixi kabilar. Lekin umuman olganda o’qish juda yaxshi yo’lga qo’yilgan edi. Shuning ta’siridami, bugun ham ancha yuqori darajada deb o’ylayman. Hozir pasaymagan, lekin juda unday yomon darajada emas.

“Amerika Ovozi”: O’zbekistonda nashriyotlar, mualliflarning ahvoli og’ir-ku bugun? Kitob yozish bugun yaxshi haq to’lanadigan soha emas-ku bugun? Bu esa kutubxonalar faoliyatiga bevosita bog’liq emasmi? O’sha kitobxonni jalb qiladigan sohalar emasmi shular?

Akram Habibullayev: Endi ko’p narsa iqtisodga ham bog’liq. Agar bilsangiz, masalan, sovet hukumati parchalanganidan keyin juda ham ahvol og’ir edi. Kitoblarning sifati past edi, kitoblar umuman chiqmay qo’ygan edi. Lekin keyingi paytlarda juda yaxshi kitoblar chiqayapti. O’zim ko’rdim, kitob do’konlarida bo’ldim, “Sharq Ziyokori” do’konida bo’ldim. Nafaqat badiiy yoki ommabop, balki ilmiy kitoblar ham yaxshi chiqayapti. Misol, sohibqiron Amir Temur tarixiga oid Natanziyning “Muntaxab-i tavorix” asarining fors tilidan tarjimasi yoki Ogahiyning “Jomei Voqeot-i Sultoni” asarlarini keltirishim mumkin. Xodimlarimiz Germaniya, Yaponiya bilan hamkorlikda kitoblar chiqarishayapti. Ularni ko’rib xursand bo’ldim. Albatta, mualliflarning ahvoli og’ir, ularga beriladigan gonorarlar balki yo’q hamdir. Lekin shu bilan bir qatorda rivojlanish ham ketayotganini aytmoqchiman.

Toshkentda bo’lib, kutubxonalarga munosabat o’zgarayotganiga guvoh bo’ldim. Navoiy kutubxonasi uchun yangi bino qurilibdi, avval Oliy Sovetning binosida joylashar edi, u yerdan bu yerga ko’chib yurgan. Shunda menda bir fikr bor edi – nega endi kutubxona qurmaydi deb. Mana endi bir imorat bunyod etibdiki, undagi asbob-uskunalarga G’arb davlatlari ham havas qiladi. Juda ko’p yoshlar kelayapti kutubxonalarga. Bu narsa odamni ancha quvontirdi.

“Amerika Ovozi”: Mana shu, yoshlar bilan ko’rishganingizda O’zbekistonda, ularning islom, Yaqin Sharq haqidagi bilimini qanday baholagan bo’lar edingiz?

Akram Habibullayev: Hamma joydagi kabi ba’zilar chuqur bilimga ega yuzaki. Ba’zilar umuman qiziqmaydi. Ammo umuman, tasavvurlarni yuqori baholasa boladi. Sharqshunoslik Instituti, Islomshunoslik Universiteti kabi dargohlarda talabalar ta’lim olmoqda, ilmiy ishlar qilishmoqda. Magistrlik, doktorlik dissertatsiyalarini yoqlashyapti.

“Amerika Ovozi”: Qo’shma Shtatlarga safar qilib, o’qishga kirishni, ish topishni orzu qilganlarga qanday maslahat bergan bo’lar edingiz?

Akram Habibullayev: Birinchidan, ingliz tilini yaxshilab o’rganishsin. Keyin qiziqish, qiziqishni hech qo’ymasin. Odamning o’zida harakat bo’lmasa qiyin. Bugun Amerikaning katta-katta idoralarida, oliygohlarida ishlab o’qiyotgan yoshlar bor. Shularga qarab, ko’rishsin. Faqat ilm, ilm, ilm.

Olimning aytishicha, o’zbekistonliklar Indiana Universitetida malaka oshirishi mumkin. Bu yerda maxshus Kutubxonashunoslik fakulteti (School of Library and Information Science) bor. O’qib kutubxonashunoslik sohasida magistrlik, doktorlik darajasini olish mumkin. Fulbright, IREX, SOROS kabi jamg’armalarning maxsus grantlari bor, deydi olim.

“Amerika Ovozi”: O’zbekistondagi kutubxonalarda qanday o’zgarishlar bo’lishini xohlagan bo’lardingiz?

Akram Habibullayev: Mana bu yerda umuman axborotga to’siq yo’q. Lekin eshitishimiz bo’yicha O’zbekistonda hatto ba’zi saytlarga kirish nazorat qilinadi, senzura bor. Mana shular yo’q bo’lsa… Umuman, axborotga bo’lgan cheklov yo’qotilishi kerak. Mana Navoiy kutubxonasining yangi binosini borib ko’rdim. Shunaqa imoratlar rayon, oblast, qishloqlarda ham qurilsa, shunday sharoitlar yaratilsa, juda yaxshi bo’lar edi.

XS
SM
MD
LG