Adib Mamadali Mahmudov: Qiynoqlarda odam o'limni yaxshi ko'rib qolar ekan


Evril Turon taxallusi bilan ijod qilgan Mamadali Mahmudov (suratda chapda)

Evril Turon taxallusi bilan ijod qilgan Mamadali Mahmudov (suratda chapda)

O'zbek yozuvchisi, Evril Turon taxallusi bilan ijod qilgan Mamadali Mahmudov asarlarini qamoqda yozib, jamoatchilikni larzaga keltirgan adiblardan. Muxolifatdagi faoliyati uchun 17 yil qamoqda o'tirgan, o'z yurtida chop etilmay kelinayotgan yozuvchi adabiyot bo'yicha nufuzli xalqaro mukofotlarga tavsiya qilinmoqda.

Xalqaro hamjamiyat, hatto o'zbek jamoatchiligining aksariyat qismi ham mamlakat qamoqxonlaridagi qiynoqlar dahshati bilan tutqinlikdagi adib Evril Turonning prezident Islom Karimovga yo'llagan ochiq xati-essesi orqali tanishgan edi.

Rasmiy Toshkent BMTning qiynoqlar qo'mitasi ma'ruzachisi Teo van Bovenning O'zbekistonda qiynoqlar muntazamligi haqidagi tashxisini rad etishga urinayotgan bir davrda bu maktub qiynoqlarning so'zsiz tasdig'i sifatida yuzaga qalqib chiqdi. Qiynoq tafsilotlarini jamoatchilikka taqdim etayotgan shaxs esa shu qamoqxonaning mahkumi edi.

2003-yil boshlarida e'lon qilingan bu ochiq xatdan so'ng Evril Turon qamoqxonada yana 10 yildan ko'proq o'tirdi. 14 yillik turmaga hukm qilingan adib, jazo muddati qo'shib berilganiga qaramasdan, 2013-yilda kutilmaganda ozodlikka chiqarildi. Yozuvchi ayni paytda Toshkentda yashamoqda.

Adibdan qamoqxonada o'tirib, qiynoqlar haqida butun dunyoga jar solishga sizni nima majbur etdi, deya so'raymiz:

“Bu xat 2003-yilda yozilgan, keyin ruschaga tarjima qilingan. Endi odam o'layotgan paytda haqiqatni aytib o'ladi. O'sha paytda men buni qamoqxonada yozganman. O'zi odam qiynoqlarda o'limni yaxshi ko'rib qolar ekan… Buni boshidan kechirgan odam biladi, sizga afsonaga o'xshab tuyilishi mumkin. Shunday paytda odam dunyoda bir marta haqiqatni aytib o'lay, deydi. Menda ikki bor shunday bo'lgan, 30 yoshlarimda “O'lmas qoyalar”ni yoza boshlagan paytlarimda, o'shanda shu kitobni yozib o'lsam ham mayli, haqiqatni aytib o'laman, deganman. Men buni birinchi bor sizga aytayapman, shuni yozaman, mayli, keyin xudo jonimni olsa, deb o'ylaganman. Shunday holatlar ham bo'lib turadi”, - deydi Mamadali Mahmudov.

Sovet Ittifoqi paytida yozilgan “O'lmas qoyalar” adibga katta shuhrat keltirdi. “O'lmas qoyalar” o'shanda Rossiya bosqiniga qarshilik harakati haqida yozilgan dastlabki asar edi. Oshkoralik yillarida e'lon qilingan asar keyinchalik, adibning qamoqxonada yozilgan boshqa asarlari kabi, yana taqiq ostiga tushdi.

1999-yilda chiqarilgan hukm ortidan 14 yil qamoqxonada o'tirgan muallif, mahkumlikda bir necha asarlar yozdi, bu asarlarning ayrimlari qamoqxonada yo'qoldi, o'g'irlandi, ayrimlari tiklanmoqda. Tiklanganlari esa xorijdagi ayrim internet saytlarida e'lon qilingan.

Yozuvchining nomzodi bugun bir necha xalqaro mukofotlarga tavsiya qilinmoqda.

“Menga aytishlaricha, “O'lmas qoyalar”, “Bo'z bo'ri”, “Oqgul”, “Oy nuri”, “Tumanli kunlar” asarlarim va esselarimni birga qo'shib, Nobel mukofoti uchun tavsiya qilishmoqda. Bu asarlarni ingliz tiliga tarjima qilish kerak ekan, hozir do'stlarimiz bu bilan shug'ullanishayotgandir. Xullas, shunday harakat bor, bu bo'ladimi, yo'qmi, aniq bilmayman”, - u.

Bu asarlarning aksariyati, xususan, “Bo'z bo'ri” romani ham qamoqxonada yozilgan. Adib bu romanida ham hali o'zbek adabiyotida deyarli ko'tarilmagan mavzu, arablarning Turkistonni bosqin qilishi davri haqida hikoya qiladi.

“Xudoga shukur, qamoqda yozganlarimni yaxshi odamlar qaytarib berishdi, lekin yarim holatda, uchdan bir qismi o'g'irlangan, chiqqanimdan keyin ularni tiklashga harakat qildim. Masalan, “Bo'z bo'ri” romanimni, bu arab bosqini haqida. Mengacha arab bosqini haqida bu darajada katta hajmda hech kim yozmagan, yozishga diniy ulamolardan ham qo'rqishgan, doim to'siq bolib kelgan. Arablar zulmi o'rislarnikidan ham yomon bo'lgan. Karvon Samarqanddan qishin-yozin Damashqqa qatnagan, bizning boyliklarimiz xalifalikka tashilgan, ayollarimiz cho'ri qilib olib ketilgan. Bu tarixni yozishga esa islom yo'l qo'ymay kelgan”, - deydi yozuvchi.

Mahmudovning “O'lmas qoyalar” asari 2008-yil Parijda fransuz tilida chop etilgan. Ayni paytda boshqa asarlarini ingliz tiliga o'girish harakati ko'rilmoqda.

75 yoshini qarshilagan yozuvchi ozodlikka chiqishi ortidan Toshkentda yashab kelmoqda, ammo uning asarlari taqiq ostida. O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi yaqinda Evril Turon a'zolikdan chiqarilgani haqida ma'lumot tarqatdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG